Bir lahzalik lazzat azobi...
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan qiz 11 sinfni tugatgach oilasidagilar bilan kelishmay qolib uyidan chiqib ketadi. O‘ziga tungi klubdan ish topadi va ishdan bo‘sh vaqtida fohishalik bilan shug‘ullanadi. 2021 yilda sog‘ligi yomonlashib tuman kasalxonasiga murojaat qiladi. Zarur tahlillardan so‘ng qizda OIV infeksiyasi aniqlanadi. Shu zahotiyoq shifokorlar uni ro‘yxatga oladi va majburiyatlari tushuntiriladi. Infeksiyani qasddan boshqalarga yuqtirsa jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantiriladi.
Biroq, qiz o‘zi tanlagan yo‘ldan qaytmaydi. Ya’ni u pul evaziga erkaklar bilan jinsiy aloqaga kirishadi. Tabiiyki kasalligini yashiradi. Tergov jarayonida o‘zini oqlash uchun ayol mijozlarimga kasalligimni aytgudek bo‘lsam men bilan aloqaga kirishmay qo‘yadi va pul bermaydi degan sababni keltirgan.
Nahotki inson shu qadar tubanlikka qodir bo‘lsa, o‘z nafsini qondirish, arzimagan 50-100 ming so‘m pul uchun boshqalarga kasallikni qasddan yuqtirsa.
Ayolning bu qilmishini pul topish, jon saqlash ilinji deb baholasak, u bilan jinsiy aloqaga kirishgan erkaklar qilmishiga nima deb baho berish mumkin. Tergov harakatlari davomida mazkur ayol 20 dan ortiq erkaklarga jinsiy aloqada bo‘lish orqali OIV kasalligini yuqtirgani ma’lum bo‘ldi. Tasavvur qiling shuncha erkakning oilasi, guldek ayoli bor. Demak bitta ayol va bir lahzalik ehtiyotsizlik shuncha oilaning boshiga kulfat yog‘dirdi. OITS kasalligi bilan insoniyat qariyb 50 yildan buyon tanish. Uning yuqumli ekanini, hayot uchun xavfli kasallik ekanini ham yaxshi biladi. Biroq o‘z nafsini jilovlay olmaslik uni mana shunday ayanchli oqibatlarga olib kelishini unutadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudida ayolning jinoiy harakatlari mazmunan ko‘rib chiqildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi JKning 113-moddasi 4-qismi bilan ayblov e’lon qilindi. 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Hikoyamiz qahramoniga sud jazo tayinladi. Guldek oilasi, suyukli ayoli va o‘zining sog‘ligini xavfga qo‘ygan xiyonatkor erkaklarchi? Albatta xulosani o‘zingizga chiqaring.
Zarif Komilov, O‘zA