Bir asr – bir kitob: Qashqadaryo fidoyi farzandlari haqidagi birinchi ensiklopediya
FOTOREPORTAJ
Qarshi davlat universitetida davlat va jamoat arbobi Sa’dulla Boboqulov muallifligidagi “Qashqadaryoning faxrli farzandlari” kitob-ensiklopediyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Qashqadaryo viloyat hokimligi, viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamkorligida tayyorlangan ushbu noyob nashrda so‘nggi bir asrdan oshiq vaqt mobaynida viloyatdan yetishib chiqqan 600 dan ortiq taniqli shaxsning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlar jamlangan.
Kitobda O‘zbekiston Qahramonlari, akademiklar, Ikkinchi Jahon urushi va Afg‘on urushida jasorat ko‘rsatgan jangchilar, mehnat qahramonlari, ta’lim, tibbiyot, adabiyot va san’at, sud-huquq, ommaviy axborot vositalari, qishloq xo‘jaligi sohalarida el e’tirofiga sazovor bo‘lgan insonlar o‘rin olgan. Shuningdek, sobiq tuzum davrida qatag‘on jabrini chekkan shaxslar, tadbirkorlar, sportchilar – xalq farovonligi yo‘lida zahmatli yo‘lni bosib o‘tgan, hayot sinovlarini mardonavor yengib, boshqalarga ibrat ko‘rsatgan vohadoshlar haqidagi qomusiy ma’lumotlar ham kitobga kiritilgan.
E’tiborga molik jihati shundaki, shu vaqtgacha ayrim tuman va shaharlarning mashhur kishilari haqida to‘plamlar tayyorlangan, lekin viloyat miqyosida bu qadar keng mavzu va davrni qamrab oladigan kitob chop etilmagan edi. Ushbu to‘plam – birinchisi.
[gallery-29283]
Bu kitobning dunyoga kelishi tasodif emas. Uning ortida yillar davomida to‘plangan arxiv hujjatlari, rasmiy yozuvlar, shaxsiy xotiralar va avloddan avlodga o‘tib kelgan ma’lumotlar yotibdi.
Arxiv ishi – bu shunchaki qog‘ozlarni saqlash emas. Bu – xalqning o‘z tarixini kelajakka yetkazish mas’uliyati. Arxivda saqlanmagan hujjat – yo‘qolgan taqdir. Qayd etilmagan ism – unutilgan qahramon. Shuning uchun ham bunday ensiklopediyalar yaratish jarayonida arxiv xodimlari rolini ortiqcha baholash qiyin: ular nafaqat o‘tmishni asraydi, balki kelajak uchun ko‘prik quradi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karomovaning ta’kidlashicha, Qashqadaryoning fidoyi farzandlari shunchalik ko‘pki, ularning barchasini bir yoki ikki jildga sig‘dirib bo‘lmadi. Shuning uchun loyiha davomli bo‘lishiga qaror qilindi – yetarli ma’lumot to‘planmagan yoki faktlari aniqlanishini talab etadigan shaxslar keyingi kitoblarda albatta o‘z o‘rnini oladi.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar kitob-ensiklopediyaning ahamiyati, voha rivojiga hissa qo‘shgan zahmatkash va fidoyi insonlar haqida fikr-mulohazalarini bayon etdi. Ishtirokchilar ushbu nashrni nafaqat kitob, balki Qashqadaryo xalqining o‘zligini anglash va kelajak avlodga yetkazadigan ma’naviy meros sifatida e’tirof etdi.
Tarix – eslashni istagan xalqlar uchun yashaydi.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA