Biologik usul – sifatli mahsulot garovi
Sabzavot, poliz va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini kimyoviy oksik moddalar ishlatmasdan yetishtirish atrof-muhit musaffoligini saqlash va aholi salomatligini ta’minlashda qo‘l keladi.
Sabzavot, poliz va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini kimyoviy oksik moddalar ishlatmasdan yetishtirish atrof-muhit musaffoligini saqlash va aholi salomatligini ta’minlashda qo‘l keladi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda qishloq xo‘jalik ekinlarini himoya qilish sohasida katta yutuqlarga erishilganiga qaramasdan, har yili zararkunandalar va turli kasalliklar ta’sirida hosilning 30-35 foizi nobud bo‘lmoqda. Bunday zararkunandalarning 120 mingdan ortiq turi mavjud. Birgina sabzavot ekinlarida zararli organizmlarning yuzlab turi uchraydi. Jumladan, tunlam, o‘simlik biti, oqqanot, o‘rgimchaksimonlar ashaddiy zararkunandalar bo‘lib, agarda g‘o‘za tunlami bilan zararlansa hosilning 50-60 foizi, oqqanot yoki o‘rgimchakkana bilan zararlanganda 15-20 foizi yo‘qotiladi.
Ob-havoning tez-tez o‘zgarishi tufayli mevali daraxtlarga, sabzavot ekinlariga shira tushayotgani kuzatilmoqda. Shunday hollarda mutaxassislar oltinko‘z entomofagi lichinkalarini 500 donadan tarqatishni maslahat bermoqda. Bir dona oltinko‘z lichinkasi kuniga 50-60 dona shirani yo‘qotadi. Agar tomorqangizda kemiruvchi qurtlar pomidor, bodring, loviya, mosh, karam kabi ekinlarga zarar yetkazayotganini aniqlasangiz, ular uchun 500-1000 dona parazit brakon tarqatish kifoya. Uning bittasi kuniga 50-60 donagacha tunlam qurtlarini zararlaydi.
O‘zbekistonda shakllangan an’anaviy sabzavotchilik va bog‘dorchilik madaniyati mahalliy o‘g‘itlardan foydalanishni ko‘zda tutadigan dehqonchilik usullariga asoslangan. Bu mazali ta’m va iste’mol xususiyatlariga ega bo‘lgan ekologik toza meva-sabzavot yetishtirish imkonini beradi.
O‘simliklarni biologik himoya qilish vositalarini ishlab chiqish texnologiyasi rivojlanib, ularni qo‘llash hajmi yil sayin ortmoqda. Xususan, O‘simliklarni biologik himoya qilish ilmiy-tadqiqot markazida qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi oltinko‘z, brakon va trixogramma entomofaglarini laboratoriya sharoitida ko‘paytirish texnologiyalari ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
– Uyg‘unlashgan kurash tizimini qo‘llash ekologik toza mahsulotlar yetishtirishda qo‘l keladi, – deydi markaz mutaxassisi Azimjon Anorboyev. – O‘zbekiston biologik mahsulotlar ishlab chiqarish va qo‘llashda dunyoda yetakchi hisoblanadi. Yetishtirlayotgan meva-sabzavotlarning 90 foizdan ortig‘i biologik usul yordamida parvarishlangani bois jahon bozorida ularga talab ortmoqda.
Hozir biomahsulotlar qo‘llanilayotgan maydon 2,6 million gektardan oshib, yetishtirilayotgan hosil sifati va hajmi ortmoqda. Biolaboratoriyalar soni ham ortib, ular qo‘shimcha uskunalar bilan ta’minlanmoqda. O‘simliklarni biologik himoya qilish yo‘nalishida olib borilayotgan tadqiqotlar qishloq xo‘jaligida keng qo‘llanilib, o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Misol uchun, g‘o‘za zararkunandalariga qarshi uyg‘unlashgan kurash tizimi yaratildi. Bunda biologik himoya usuli yetakchi bo‘lib, biologik muvozanatni saqlash, bioxilma-xillikni tiklashga erishiladi.
Markazda biologiya fanlari doktori, professor Xo‘jamurod Kimsanboyev, biologiya fanlari nomzodi Abduqahhor Qodirov issiqxona oqqanoti kushandasi enkarziyani laboratoriya sharoitida ko‘paytirish va qo‘llash texnologiyalarini yaratgan bo‘lsa, professor Botirjon Sulaymonov asos solgan entomofaglarni ko‘paytirishning istiqbolli uskunalaridan viloyatlarda keng foydalanilmoqda. Ushbu tejamkor uskunalar ishchi kuchini ikki barobar kamaytirish imkonini beradi.
Ushbu markazda biolaboratoriya mutaxassislari malakasi muntazam oshirilib, iqtidorli talabalarni jalb qilish uchun maxsus o‘quvlar tashkil etilmoqda. Bu yerda trixogramma, brakon, oltinko‘z kabi entomofaglar ko‘paytirilib, sakkiz yuzdan ortiq biolaboratoriya hamda dexqon va fermerlarga birlamchi biomahsulot yetkazib bermoqda.
Markazda g‘o‘zaning barcha, sabzavot ekinlarining asosiy zararkunandalariga qarshi takomillashgan kurash usullarini ishlab chiqish hamda makrolofus va enkarziya entomofaglarini laboratoriya sharoitida ko‘paytirishni joriy qilish borasida ilmiy izlanishlar davom etmoqda.
Muxtasar aytganda, olimlarimiz ishlab chiqqan ilmiy tavsiyalar zararkunandalarning qishloq xo‘jaligiga yetkazadigan zararini kamaytirish, o‘simliklarni himoya qilishga ketadigan sarf-xarajatlarni qisqartirish hamda atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga qo‘maklashmoqda.