Bilyapmizu, ammo idrok etmayapmiz – eko-muammo...
Insoniyat tabiat qonunlariga amal qilmayotgani bois o‘z boshiga ko‘plab balolar orttirib olayotirki, bularning nima sababdan kelayotgani, qayoqdan kelayotganiga hali ham aqli yetgani yo‘q.
Zamondoshlarimiz shunday buyuk kashfiyotlar, ulug‘ ixtirolar qilayotirki, ularni ko‘rgan kishining aqli shoshadi. Lekin ana shunday aqlli, bilimli odamlarning juda ham oddiy narsalarga aqli ojizlik qilayotgani kishini hayratga soladi.
Jismini, kiyim-kechagini, uy-joyini, mahallasini, boringki, shahrini ozoda tutib, ammo ularning atrofini axlatga to‘ldirib yuborganlar o‘zlari o‘ylagandek, pokiza insonlar bo‘la olmasligini mana bu tadqiqot isbotlab beradi:
«Atrof-muhitning ifloslanishi urushdagidan 15 barobar ko‘p odamning umriga zomin bo‘ladi. "Lancet" jurnalining atrof-muhit ifloslanishi va inson salomatligi masalasi ustidan tadqiqot olib boruvchi komissiyasi olimlari shunday qarorga keldi. Tadqiqot natijasi nashrning saytida e’lon qilindi.
Xabarda ma’lum qilinishicha, 2015 yilda havo ifloslangani oqibatida turli kasallikka chalinib vafot etgan insonlarning soni to‘qqiz millionga yetgan. Bu dunyo bo‘yicha o‘lim holatining 16 foizi demak. Olimlarning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich, OITS, sil kasalligi va bezgakni ham qo‘shib hisoblansa, ularning yoniga urush ham qo‘shilsa, ana o‘shalardan ham ko‘p ekan.
Shuningdek, olimlar ekologiyaning yomonlashuvi insonlarning o‘limiga kashandalik, ochlik va tabiiy ofatlardan ham ko‘p sabab bo‘ladi, deyishmoqda. Boz ustiga, ayrim davlatlardagi o‘lim holatining chorak qismi atrof-muhit iflosligi oqibatida yuz berar ekan.
Bundan tashqari, olimlar ekologik muammolardan eng ko‘p aziyat chekuvchilar aholining qashshoq qatlami ekanini aniqlashdi. Hisob-kitoblar havo iflosligi oqibatida ro‘y berayotgan o‘limlarning, taxminan, 92 foizi aholisining daromadi nihoyatda past darajada bo‘lgan davlatlar hisobiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi.
Eng yomoni, ekologiyaning bulg‘angani bolalarga kuchli ta’sir qiladi. Ayniqsa, chaqaloqlarga kimyoviy moddalar juda yomon ta’sir qilib, ularni butun umri davomida davolanib yurishga majbur qiladigan va alaloqibat o‘lim bilan yakunlanadigan nogironlikka olib kelishi mumkin ekan.
Ilgariroq Yevropa atrof-muhit agentligi havo iflosligi yiliga yuz minglab yevropaliklarning yerta o‘limiga sabab bo‘layotganini ma’lum qilgan edi».
Ushbu ma’lumotlar dunyo davlatlari misolida edi. Xo‘sh, endi bizning yurtimizda nima gaplar?
Bultur kuzda hamma yoqni chang-to‘zon qoplagani yodingizda. Buni ko‘rganda avvaliga tuman kelyapti, deb o‘ylagandik, keyin qarasak, nafas olishimiz qiyinlashib boryapti. Changmi, nima balo, deb hamma darrov eshik-romlarini mahkamlab yopib oldi. Ammo o‘sha chang eng zich yopilgan romlardan ham o‘tib, xonalarimizning ichini changga to‘ldirdi. Keyin "nega bunday bo‘ldi?" deb qiziqa boshlasak, shahrimizning havosi ifloslanish bo‘yicha dunyoda eng oldingi o‘rinlarga chiqib ketibdi.
O‘tgan yilning 17 oktyabr oqshomida Toshkent shahri havoning iflosligi bo‘yicha IQAir reytingida Dehlini ham ortda qoldirib, dunyoda 1-o‘ringa chiqib olibdi. O‘tgan haftada esa 2-o‘ringa tushgani aytildi. Bu – daraxtlarga qirg‘in keltirish, pala-partish qurilishlar va sifatli jamoat transporti yo‘qligi, shaharda shaxsiy avtomobillar harakati ortib borayotgani sababli yuz bermoqda. Demak, biz shu vaqtga qadar sira ham xayolimizga keltirmagan muammoga duch kelib turibmizki, havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar faqat uzoqlardagi davlatlarning emas, ayniqsa, bizning muammoimiz ekan.
Lekin biz ekologik muammolarning qanchalar jiddiyligini bilganimiz bilan hali ham to‘laqonli idrok etayotganimiz yo‘q. Natijada har yili millionlab daraxt ko‘chatlarini shunchaki qadab qo‘yib, bila tura isrof qilib yuboryapmiz, oqibatini bilgan holda oqar suvlarga hatto kimyoviy chiqindilarni ham tashlab yuboryapmiz... Oqibatda turli kasalliklar ko‘payib boryapti.
Ana shunday ko‘rsatkichlar shoyadki, insonlarni atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga undasa. Bunda axir insoniyatning avlodlari haqida so‘z boryapti. Qaysi inson farzandining nogiron bo‘lib, og‘ir dard zahmati ostida hayot kechirishini istaydi, qaysi davlat xalqining nogironlar jamiyatidan iborat bo‘lishiga rozi bo‘ladi?! Xulosa o‘zingizdan.
Mansur O‘ROLOV,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistranti