Bilimlilar «Zakovat» tarozisiga «tortildi»
30 iyun – O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kuni munosabati bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi» davlat muassasasi hamkorligida Navoiy shahridagi «Farhod» madaniyat saroyida 13 ta jamoadan iborat «Zakovat» hamda «Chto? Gde? Kogda?» intellektual o‘yinlarning «NKMK kubogi» final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
...»Kombinatimiz ishchi-xodimlarining 30 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Pandemiya davrida ko‘plab masofaviy tanlovlar, jumladan «Online-kitobxon” kitobxonlik tanlovini tashkil etdik.
Kitobdagi mantiqiy savollar asosida yoshlarimiz qalbiga qo‘l solib ko‘rdik. Savollar orqali ularning kayfiyatini aniqlab oldik. Misol uchun, R.Hamzatovning «Mening Dog‘istonim» asaridagi tog‘lik avarlar o‘z tuproqlarini mehmon ko‘zidan qizg‘anib, uni tog‘i-tosh ustida mehmon qilishidek urf-odat bilan bog‘liq, O‘.Hoshimovning «Ikki eshik orasi» asaridan esa urushga ketayotgan Kimsanning xaltasiga solingan og‘izdagi pilla kasalligiga qarshi achchiqtosh haqidagi savollar kitobxonlar olqishiga sabab bo‘ldi.
Demak, umuminsoniy qadriyatlar e’zozda. Biz mana shu qadriyatlar bardavomligi uchun mas’ulmiz»,deydi Navoiy kon-metallurgiya kombinati yoshlar yetakchilari Kengashi raisi S. Rajabov.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, «Zakovat» intellektual o‘yinida 5-kon boshqarmasi va Navoiy mashinasozlik zavodi jamoalari faxrli uchinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallashdi.
G‘oliblik «Navoiy kon-metallurgiya jamg‘armasi» davlat muassasasining «Do‘stlik» agrofirmasining zukko yoshlariga nasib etdi.
Shuningdek, «Chto? Gde? Kogda?» intellektual o‘yinida Markaziy kon boshqarmasi jamoasi g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, Navoiy mashinasozlik zavodi jamoasi ikkinchi, 5-kon boshqarmasi jamoasi esa uchinchi o‘ringa munosib topildi.
Bundan tashqari, «Online-kitobxon” tanlovi g‘oliblariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
«Navoiy kon-metallurgiya jamg‘armasi» jamoasining ilk g‘alabasi ulkan muvaffaqiyatlar sari yetaklasin.
Jonibek Shuhratov,
«NKMK jamg‘armasi» davlat muassasasi
ma’naviy-ma’rifiy ishlar
va davlat tili bo‘yicha xizmati muhandisi