«Bilib o‘lganim yaxshimi yoki bilmasdan?»
Ilmparvar Xorazm diyorida tug‘ilib o‘sgan Abu Rayhon Beruniy sermahsul olim, izlanuvchan daho, novator mutafakkir va empirik izlanuvchidir. U bundan ming yil oldin tinim bilmas mehnatlari va o‘ziga xos tadqiqotchilik uslubi bilan o‘nlab kitob yaratish, yigirmadan ortiq ilmiy kashfiyot, innovatsiya va ixtironi amalga oshirish orqali insoniyat sivilizatsiyasiga astronomiya, biologiya, fizika, dorivor o‘simliklar botanikasi, etnografiya, matematika va hindshunoslik sohalarida ulkan xizmatlar ko‘rsata oldi.
Uning ilmiy shuhrati ilmiy innovatsiyalari tufaylidir. Uni jahon antropologiyasi va hindshunosligining otasi deb ham atashadi. Beruniyning fors, xorazmiy, arab va sanskrit tillarini yaxshi bilishi uning turli sohalarda chuqur tadqiqotlar olib borishi va turli manbalardan foydalana olishi uchun katta imkoniyat yaratgan.
Beruniy boshqa mamlakatlar xalqlarining e’tiqodlari to‘g‘risida ma’lumot berishda betaraflik pozitsiyasidan yondashgan. U o‘zining qimmatli tadqiqotlari tufayli tadqiqotchilar orasida ustoz sifatida tan olingan. Uning turli sohalardagi keng tadqiqotlari ko‘plab asarlarning yaratilishiga olib keldi. Ayrim tadqiqotchilarning ma’lum qilishlaricha, uning asarlari soni bir yuz qirq oltita bo‘lib, ularning ko‘pchiligi astronomiya, matematika va geologiyaga oid.
Abu Rayhon Beruniy Ibn Sino, Xoja Nasiriddin Tusiy va shu kabi boshqa ko‘plab olimlar bilan zamondosh bo‘lib, ularning ko‘pchiligi bilan ilmiy bahs-munozaralar olib borgan. Jumladan, Beruniy bilan Ibn Sino o‘rtasida fizika, falsafa turli ilmiy savollar va javoblar bayon etilgan o‘n sakkizta maktub almashilgan.
Abu Rayhon Beruniy Ibn Sino kabi ko‘plab ilmiy nazariyalarni o‘rtaga tashlagan bo‘lib, ular bugungi ilmiy nazariyalar bilan muvofiqdir. Beruniyning yozgan kitoblari va tarixchilarning u to‘g‘risida bergan ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ladiki, u o‘z zamonasining eng mashhur kishilaridan hamda o‘sha davr ilm-fanidagi serqirra shaxsiyatlardan biri bo‘lgan. Buni u yozgan asarlar soni hamda amalga oshirgan tadqiqotlari miqyosidan ham anglab yetish mumkin. Hindlarning dini, urf-odatlari va rasm-rusumlariga bag‘ishlangan «Tahqiq mo li-l-Hind min ma’qula maqbula fi-l-aql av marzula» (qisqacha «Tahqiq mo li-l-Hind» – «Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash kitobi»), astronomiya va taqvimga bag‘ishlangan «al-Qonun al-Mas’udiy fi-l-hay’at va-n-nujum» (qisqacha «al-Qonun al-Mas’udiy» – «Astronomiya va yulduzlarga bag‘ishlangan «Mas’udiy qonuni» kitobi»), astronomiya va yulduzlarga bag‘ishlab fors va arab tillarida yozilgan «at-Tafhim li avoil sinoat at-tanjim» (qisqacha «at-Tafhim» – «Yulduzlar haqidagi bilim asoslari to‘g‘risida izoh»), dorivor o‘simliklar to‘g‘risidagi «as-Saydana fi-t-tibb» (qisqacha «Saydana» – «Tibbiyotga bag‘ishlangan «Farmakognoziya»kitobi»), turli xalqlar, jumladan, eronliklar, yunonlar, yahudiylar, xristianlar va arablarda tarixning boshlanishi va yil hisobi to‘g‘risida hikoya qiluvchi «Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya» (qisqacha «Osor al-boqiya»– «O‘tgan davrlardan qolgan yodgorliklar») asarlari ushbu qomusiy olimning eng muhim asarlari jumlasiga kiradi.
Beruniy usturlobga bag‘ishlangan bir necha risola ham yozgan, shuningdek, mexanik taqvim to‘g‘risidagi o‘z tavsiflari va sharhlarini bayon etgan. Bundan tashqari, ushbu atoqli olim yorug‘lik tezligi bo‘yicha ham qiziq kuzatishlar olib borgan bo‘lib, yorug‘lik tezligi ovoz tezligidan anchagina yuqori ekanligi to‘g‘risida xulosaga kelgan. U Somon yo‘li galaktikasini «Yulduzlar tabiatining son-sanoqsiz qismlari majmuasi» nomi bilan eslatgan.
Abu Rayhon Beruniy turli fan sohalarida yangi g‘oyalar va nazariyalarni o‘rtaga tashlagan. Yer radiusini o‘lchash, yerning quyosh atrofidan aylanma harakatlanish imkoniyatini taxminan aniqlash, turli shaharlarda namoz o‘quvchilar uchun qibla yo‘nalishini belgilash, shaharlarning jug‘rofiy uzunligi va kengligini hisoblab chiqarish, xarita chizishning oddiy usullarini ixtiro qilish, yerning yuza qatlamining qanday vujudga kelganligi va dengizlarning qanday qilib qurib qolishini aniqlash, kimyoda unsurlarning maxsus vaznini, jumladan, birinchi bor o‘n sakkiz nomdagi qimmatbaho tosh va metalning maxsus vaznini aniqlash, dorilarni nomlash, olmos va zumradning fizik xosiyatlarini aniqlash, gullar va kurtaklarning geometrik figuralarini chizish, asalari tomonidan asalning qanday hosil qilinishini aniqlash, quyosh tutilishi va oy tutilishi hodisalarini kuzatish, Ahamoniylar va Sosoniylar davlatlarining tashkil topishi tarixini o‘rganish, globusni yaratish, yulduzlarni kuzatish asboblarini yaratish uning tadqiqotlari, ixtirolari va innovatsiyalari jumlasidan hisoblanadi.
Beruniy tekshirmasdan turib oldindan chiqariladigan har qanday hukmni ilm taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi holat sifatida baholab, empirizm va ratsionalizmni dunyoda ilmning taraqqiyoti va g‘alabasining siri sifatida talqin qiladi. Bu buyuk olim doimo o‘z atrofida yuz beradigan hodisalarning dalillarini izlashga hamda haligacha aniqlanmagan narsalarni aniqlash uchun urinardi.
Uning eng muhim shaxsiy xususiyatlari sifatida erkin fikrli ekanligi, tekshirmasdan turib oldindan hukm chiqarmasligi, haqiqatni izlashi hamda milliy chegaralardan tashqariga chiqib ketadigan keng doirada fikrlashini eslatish mumkin bo‘lib, ushbu xususiyatlar, ayniqsa, uning «Tahqiq mo li-l-Hind» asarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Abu Rayhon Beruniy barcha ilmsevarlarning hurmatini qozongan buyuk olim bo‘lib, uning ilm-fan taraqqiyotiga ko‘rsatgan xizmatlari ulkan, beqiyos va tahsinga sazovordir. Xuddi shu sababli ham oydagi makonlardan biri uning nomi bilan ataladi.
Eronda ko‘plab ilmiy va tadqiqot muassasalari Beruniy nomi bilan ataladi, ushbu novator olimning ilmiy merosiga bag‘ishlangan ko‘plab anjumanlar o‘tkaziladi. Shuningdek, ko‘plab eronlik tadqiqotchilar Abu Rayhon Beruniy to‘g‘risida tadqiqotlar amalga oshirgan va qimmatli asarlar yozganlar. Jumladan, eronlik mashhur olim Ali Akbar Dehxudo (1879-1959) ushbu allomaning hayot yo‘li to‘g‘risida, Zabihulloh Safo (1911-1999) esa Beruniyning hayoti va ijodi to‘g‘risida kitoblar yozishgan. Shuningdek, Jaloliddin Humoiy (1900-1980) qalamiga mansub «Abu Rayhon Beruniyning ixtirolari va kashfiyotlari» nomli kitob ham Tehronda nashr etilgan. Bundan tashqari, Eronda uning shaxsiyati, asarlari va kashfiyotlari to‘g‘risida o‘nlab maqolalar dunyo yuzini ko‘rgan.
Eronda har yili eroncha hijriy-shamsiy taqvimdagi shahrivar oyining o‘n uchinchi kuni (grigorian taqvimi sentyabr oyining to‘rtinchi kuni), ya’ni Abu Rayhon Beruniyning tavallud topgan kuni ushbu alloma sharafiga Astronomiya milliy kuni sifatida nishonlanadi.
Abu Rayhon Beruniyning jahon xalqlariga ko‘rsatgan ulkan xizmatlariga qaramasdan, uning G‘aznadagi qabri o‘ta g‘arib va nom-nishonsiz bir ahvoldadir. Shunga ko‘ra barcha ilmsevarlarning sa’y-harakatlari hamda Eron, O‘zbekiston va Afg‘oniston davlatlarining birgalikdagi chora-tadbirlari orqali ushbu sermahsul novator olimning qabriga munosib va muhtasham bir maqbaraning qurilishiga guvoh bo‘lamiz, deb umid qilaman.
Aytishlaricha, Beruniy kasallik bo‘lib yotganida bir olim do‘sti uning ahvolidan xabar olgani boribdi. Abu Rayhon o‘sha holida undan qiyin bir masala borasida fikrini so‘rabdi. U yerda turganlar: «Hozir ilmiy savol berishning mavridimikan?», deb so‘rashibdi ajablanib. Shunda Beruniy: «Bilib o‘lganim yaxshimi yoki bilmasdan bu dunyodan o‘tib ketganim yaxshimi?», debdi.
To‘g‘risini aytganda, Abu Rayhon Beruniy ilm izlash, ilm o‘rganish va tadqiqotchilikda barchamiz uchun munosib o‘rnakdir. Shunga ko‘ra uni buyuk va mashhur forsiyzabon shoir Firdavsiy qalamiga mansub quyidagi baytda ifodalangan hikmatning haqiqiy tasdiqlovchisi deb bilish mumkin:
Chunin guft Payg‘ambari rostgo‘y:
Zi gahvora to go‘r donish bijo‘y.
Mazmuni: Payg‘ambar shunday dedi: «Beshikdan to qabrgacha ilm izla».
Hamid NAYYIROBODIY
Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi
Favqulodda va muxtor elchisi