Betonlash ishlari holati o‘rganildi
2023 yilning 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishi, bunda birinchi muhim vazifa – kanal va ariqlarni betonlash ekanligi aytilgandi.
Shundan kelib chiqib, Sirdaryo viloyatidagi 9 ta irrigatsiya ob’ekti, shuningdek, fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar tasarrufidagi 900 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarida betonlash ishlariga kirishildi. Mutaxassislarning qayd etishicha, amalga oshirilayotgan mazkur ishlar natijasida viloyat bo‘yicha yiliga 85 million kub-metr suv iqtisod qilinib, qariyb 24 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanishiga, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar kamayishiga, sizot suvlar sathi yer yuzasiga yaqin joylashgan maydonlar qisqarishiga, meliorativ holati yomon bo‘lgan yer maydonlarining holatini barqaror saqlashga erishiladi.
[gallery-15976]
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev boshchiligidagi ishchi guruh Investitsiya dasturiga kiritilgan va betonlashtirilayotgan irrigatsiya ob’ektlarini o‘rgandi. Jumladan, Boyovut tumanidagi “PR-4” o‘ng tarmoq kanalining 5,6 kilometrini beton qoplamaga o‘tkazish nazarda tutilgan bo‘lsa, shundan ayni vaqtga qadar 1,26 kilometr qismi, Guliston tumanidagi “K-8” kanalining 8 kilometrdan 5,1 kilometr qismi, Sirdaryo tumanidagi “Malik” kanalining 13 kilometrdan 8 kilometr qismi betonlashtirilgan.
O‘rganishlar davomida bir qator omillar va soha mutasaddilarining mas’uliyatsizligi tufayli ushbu ob’ektlarda betonlash ishlari belgilangan rejadan ortda qolishi ehtimoli mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida bahorgi dala ishlariga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Ushbu jihatlar inobatga olinib, viloyat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi uchun mas’uliyatni, intizom va nazoratni kuchaytirish talabi qo‘yildi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev(surat), O‘zA muxbirlari