Best exspert awards 2023: Ekspert ayollar taqdirlandi (+video)
Azaldan jamiyatimizda allomalar, jahongir bobolarimiz qatorida fozila ayollar ham ulug‘lanib, ularga o‘zgacha hurmat va e’tibor ko‘rsatilgan.
Bugun ham vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim o‘ringa ega. Ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotidagi barcha sohalarda xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ma’rifat, madaniyat hamda boshqa sohalarda samarali mehnat qilyapti. Ularning mehnatlarini munosib qadrlash, rag‘batlantirish maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligida turli loyihalar tashkil etilgan.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Vest exspert awards 2023” taqdirlash marosimi ham ana shunday loyihalardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston va O‘rta Osiyo miqyosida ilk bor huquq, salomatlik, psixologiya hamda go‘zallik sohasida o‘z faoliyatini olib borayotgan ekspert ayollar 10 dan ortiq nominatsiyalarda taqdirlandi.
– Ayollarga berilayotgan bunday imkoniyatlar bizga yanada kuch, shijoat beradi, – deydi O‘zbekiston milliy axborot agentligi yuristi Iroda Qahhorova. – O‘z ustida ishlab, hamisha izlanishda bo‘lgan ayollarni hurmat qilaman. Zero, ular oila, jamiyat poydevori hisoblanadi. Yo‘nalishimda xotin-qizlarimizga huquqiy bilim, muammolarini yechishda ko‘mak berayotganimdan mamnunman.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Rj0SDcXlxbw" title="Vest exspert awards 2023: Ekspert ayollar taqdirlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Tadbirda davlat va nodavlat tashkilotlarda faoliyat olib borib, sohasini mukammal egallagan xotin-qizlar taqdirlandi. Ularning jamiyatdagi mavqeyi e’tirof etildi.
– Bugun psixologiya jamiyatda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi “Azizim” psixologik klubi rahbari Aziza Toshxo‘jayeva. – Ijtimoiy muammolarni hal etishda aholining psixologik bilimga ega ekanligi ko‘plab inqirozlar oldini oladi. Shu sabab jamiyatning kichik bo‘g‘ini hisoblangan oiladagi xotin-qizlarning psixologik bilimi yuqori bo‘lishi, o‘sib kelayotgan yosh avlod ta’lim va tarbiyasida alohida o‘rin egallaydi. Ushbu sovrin yanada o‘z ustimda ishlashga, ilm olishga, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilishga kuch berdi.
Bu kabi tadbirlar ayollarning ilmiy-madaniy kamolotini belgilashda, oqila va o‘qimishli onalar safini kengaytirishda, millatning buyuk kelajagini yaratishda muhim omil bo‘ladi.
Nilufar Bozorova, Yoqub Meliboyev (video) O‘zA