Beshariqda taniqli rassom ko‘rgazmasi ochildi
San’at hayotning aksi, aslida. Gap ijodkor uni qanday anglashida. Ayniqsa, tasviriy san’atning karikatura janri g‘oyat murakkab va rassomdan nafaqat rang-tasvir, balki iqtisodiy, siyosiy, hatto axloqiy chuqur bilim talab qiladi.
Mahmudjon Eshonqulovni tanishtirishga hojat yo‘q. U dastlab “Mushtum” jurnalida o‘zining ijtimoiy karikaturalari bilan tilga tushdi. U o‘zi aytganidek ko‘p o‘qidi, izlandi.

–Rassomchilik haqidagi kitoblarni va badiiy adabiyotni ko‘p o‘qiganman. Shuning ham ta’siri bo‘ldi, deb o‘ylayman. Hatto maktabga bormasimdan dadam obuna bo‘lgan “Mushtum” jurnali uyimizga kelardi, uning rasmlarini qayta chizishga harakat qilar edim, – deydi karikaturachi rassom Mahmudjon Eshonqulov.


Bugun u O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi va Dunyo karikaturachi rassomlar ittifoqi (UWC)ning a’zosi. Uning karikaturalari Yaponiya, Bolgariya, Serbiya, Xitoy, Italiya, Polsha, Turkiya, Koreya, Kipr, Xorvatiya va Braziliya kabi mamlakatlarning yumor va karikatura muzeylarida saqlanmoqda. Mingdan ziyod xorijiy kitob va albomlarda hamda Dunyo karikatura ensiklopediyasida uning ijodiy ishlaridan namunalar va o‘zi haqidagi ma’lumotlar e’lon qilingan.



– Karikatura va yumor festivallari, 2 mingdan ortiq ko‘rgazmalarda ishtirok etganman, – deydi rassom. – Serbiya va Makedoniyada shaxsiy ko‘rgazmam ochilgan. Yurtim, O‘zbekistonim, Besharig‘imni yaxshi ko‘raman. Bu yerda ko‘rgazma ochishimning sababi ham shuki, hamqishloqlarim uni ko‘rsin, san’atga muhabbati tug‘ilsin.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/WQZbrsj37O4" title="Beshariqda taniqli rassom koʻrgazmasi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ha, “Do‘stlik” ordeni sohibi, mashhur karikaturachi Mahmudjon Eshonqulovning asarlari ko‘rgazmasi bu gal u tug‘ilib o‘sgan Beshariqda bo‘lib o‘tmoqda. Qisqa vaqt ichida uni o‘n mingdan ziyod aholi, yoshlar va san’at shinavandalari hatto boshqa viloyatlardan kelib ko‘rdilar.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat, video), O‘zA