Beshariqda sayyor xizmat ko‘rsatildi
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan muammo va murojaatlarini “mahallabay”, ya’ni sayyor tartibda o‘ganish maqsadida Ishtixon tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan Beshariq mahallasida sayyor qabul o‘tkazildi.
Tuman hokimligi, Xalq qabulxonasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda qariyb 400 nafar fuqaroning murojaati eshitildi. Shu yerning o‘zida aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

– Tadbirorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yib, xususiy klinika va bolalar bog‘chasi ochmoqchiman, – deydi E.Rashidov. – bugungi sayyor qabulda dastlabki hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatdan foydalandim. Keyingi bosqichda litsenziya olishim kerakligini aytishdi.
Qabul davomida ruhiy kasalliklar va narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish, o‘lim ro‘yxatga olinganligi haqida, ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini olishga ariza berish, 20 kVt dan yuqori bo‘lmagan elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish, ish haqi miqdorini va ish stajini tasdiqlash to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomasini olish, pensiya (nafaqa) haqida ma’lumot, kadastr pasportini tayyorlash yuzasidan jami 40 dan ortiq ariza ro‘yxatga olindi.
Eng muhimi, tadbirda 221 nafar fuqaroga huquqiy yordam ko‘rsatilib, davlat xizmatlarini onlayn olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

G‘.HASANOV, O‘zA