Besh yillik sarhisob: amaliyot va samara
Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi tashkil etilganining besh yilligi munosabati bilan anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy yuksalib borishida davlat tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat tashkilotlari ham faol ishtirok etayotgani, aholining 50 foizidan ortig‘i qishloq joylarda yashashi, yalpi ishlab chiqarishda sohaning ulushi 24,3 foizni tashkil etishi qayd etildi.
– O‘tgan davrda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lgan agrar sohadagi xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida uyushma tomonidan tizimli va samarali ishlar amalga oshirildi, – deydi “Agrar soha ayollari” uyushmasi rahbari Adiba Ahmedjonova. – A’zolarimiz safida yetuk olimlar, ishlab chiqarish ilg‘orlari va tajribali fermerlar ko‘paymoqda. Ular sohada xotin-qizlar rolini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berish, tomorqa va shaxsiy-yordamchi xo‘jaliklardan oqilona foydalanish orqali daromadlarni ko‘paytirish, o‘zini o‘zi band qilish, qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirishda yoshlar ishtirokini kengaytirishda faol ishtirok etmoqda.
[gallery-18302]
Ta’kidlash joizki, uyushmaning turli viloyatlarda hududiy bo‘linmalari tashkil etilgan. Hozirda uyushma ijtimoiy sheriklik tamoyillariga tayangan holda 25 ga yaqin vazirlik va davlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolangan. Davlat tashkilotlari, jumladan, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va chet ellik hamkorlar AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning huquqiy islohotlar dasturi, BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), BMTning Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Biznes va Finans Konsalting tashkiloti (VFC) GmbH (Shveysariya, Syurix) bilan bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uyushma ko‘magida ko‘plab o‘quv-seminarlar, konferensiyalar tashkil etilmoqda. O‘tgan yillar davomida qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida 2000 nafardan ortiq xotin-qiz va yoshlar o‘qitildi. Toshkent viloyatidagi muhofazaga muhtoj ayollar va qishloq xo‘jaligi sohasidagi 8 ming nafardan ziyod xotin-qizga bepul yuridik va psixologik maslahatlar, xizmatlar ko‘rsatildi.
Anjumanda besh yillik faoliyat yuzasidan to‘liq hisobot berilib, uyushma raisi va boshqaruv a’zolari qayta saylandi. Tadbir yakunida uyushma faoliyatidagi faol ishtiroki, agrar sohadagi xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, salohiyatini yuksaltirish borasidagi samarali xizmatlari uchun bir guruh uyushma a’zolari hamda hamkor tashkilotlar taqdirlandi.
Nilufar Bozorova,
Oybek Pardayev (surat) O‘zA muxbirlari