"Besh tashabbus paralimpiadasi" iste’dodli yoshlarni kashf etdi
Toshkentdagi "Olimpiya shaharchasi"da alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan "Besh tashabbus paralimpiadasi"ning ikkinchi mavsum Respublika final bosqichi musobaqalari matonat va iroda sohiblariga katta sport bayramini tuhfa etdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ikki kunlik murosasiz bahslarda mamlakatimizning barcha hududlaridan 400 nafarga yaqin o‘quvchi-yoshlar para stol tennisi, para yengil atletika, para badminton, shaxmat va shashka bo‘yicha kuch sinashdi.


Chinakamiga sabr, iroda va jasorat maydoniga aylangan musobaqalar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida 5 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Buxoro viloyati vakillari 1-o‘rinni egalladi. O‘z iste’dodini namoyish etib, 5 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega chiqqan Toshkent va 3 ta oltin, 4 ta kumush medaliga sazovor bo‘lgan Andijon viloyati vakillari keyingi pog‘onalarni band etdi.


G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan mutasaddilar o‘tkazilgan "Besh tashabbus paralimpiadasi" o‘yinlarida iqtidorini namoyish etganlar xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar bo‘lib yetishishiga tilak bildirdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA