"Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi bosqichiga start berildi
Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning joriy yil aprel-iyun oylarida bo‘lib o‘tgan birinchi bosqichining yakunlari va sentyabr-dekabr oylari davomida o‘tkaziladigan ikkinchi mavsumi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 yanvar kungi ”Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tug‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Mahalla-sektor-tuman-viloyat-respublika” tizimi asosida o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kitobxonlik, madaniyat va san’at, intellektual o‘yinlar, axborot texnologiyalari hamda sport turlariga jalb qilishga xizmat qilmoqda.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan jami 14 dan ortiq tanlov va musobaqaning mahalla bosqichlarida 188 ming 111 nafar yosh, shundan 65 ming 906 nafar qiz, sektorlar bosqichida 56 ming 438 nafar, shahar va tuman bosqichlarida 7 ming 931 nafar yosh ishtirok etib, o‘z mahoratini namoyish etdi.
[gallery-8732]
Shuningdek, 1-15 iyun kunlari o‘tkazilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblari mamlakatimiz bosqichida ham munosib ishtirok etib qaytdi.
Jumladan, Bo‘zatov tumanida o‘tkazilgan “Yoshlar ovozi” ko‘rik-tanlovining respublika final bosqichida qoraqalpog‘istonlik Zarima Maxsudova, Gulayim O‘teshova, Ashirbek Qozibayev, Alimbay Karimbayev birinchi o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon oila” tanlovi respublika bosqichida Amudaryo tumanidan O‘rinboyevlar oilasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, Prezident sovrini “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Mushoira” tanlovining respublika bosqichida 20-25 yosh toifasida Nukus shahridan Muxameddin Aytjanov birinchi o‘rinni egallab, 15 million so‘m pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Birinchi bosqichi yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Tadbirda sentyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tadigan ikkinchi mavsum doirasida o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlov va musobaqalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, ikkinchi mavsumda ishtirok etish uchun 238 ming 803 nafar yosh elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tgan.
Matbuot anjumani ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA