“Besh tashabbus olimpiadasi” mahallalardan boshlandi
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarining mahalla bosqichlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatidagi 1 ming 25 ta mahallada yoshlar “workout” musobaqalarida o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazmoqda.
Xususan, Nurafshon shahridagi Qumariq mahallasida ham mazkur sport turiga qatnashadigan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ishtirokchilar musobaqaning yakkalik bahslarida turnikda tortilish va brusda mashq bajarish bo‘yicha qatnashdi. Hakamlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar sektor bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

– Bu sport bilan bo‘sh vaqtlarimda ko‘p bor shug‘ullangan bo‘lsam ham ilgari musobaqalarda hech ham qatnashmagan edim, – deydi Qumariq mahallasida yashovchi Kamron Ne’matov. – Natijalar yaxshi. Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Maqsadim Respublika bosqichida ham g‘olib bo‘lish. Buning uchun bizga berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanaman.

Ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasidagi mazkur turnirning joriy yilgi mavsumiga mahallalar yoshlari jami 26 ta musobaqa va tanlovlarda o‘zaro qatnashishi mumkin. Hozircha belgilangan tartibda Toshkent viloyatidan 400 ming nafardan ortiq yosh ro‘yxatdan o‘tgan.

A.Musayev,O‘zA muxbiri