“Besh tashabbus olimpiadasi” kashfiyotlar maydoni
Yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor namunasi sifatida joylarda o‘tkazilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” tobora keng quloch yoymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda davlatimiz rahbari raisligida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ilgari surilgan tashabbuslar ijrosini ta’minlash maqsadida yurtimizning barcha hududlarida 5 ta yosh toifasida 9 ta sport turi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari qizg‘in davom etmoqda.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida ham “Besh tashabbus olimpiadasi” viloyatning barcha tuman va shaharlarida 10 apreldan e’tiboran 2 ta yosh toifasi – 7 yoshdan 10 yoshgacha va 11 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida ko‘chabay tarzida tashkil etilib, “Quvnoq startlar”, shaxmat-shashka, yengil atletika, mini-futbol, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, sport turlari bo‘yicha mahalla jamoalari shakllantirib olindi.
Musobaqalar 267 ta sport zallarida, 291 ta mini-futbol maydonlarida hamda 100 dan ortiq ochiq sport inshootlarida o‘tkazildi. Sport tadbirlari natijasida hududlardagi yoshlar yetakchilari, umumta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari hamda bolalar-o‘smirlar sport maktablari trenerlari bir istak – iste’dodli yoshlarni saralash, tanlash, yo‘naltirish yo‘lida hamjihat bo‘lib ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ayni holat, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” aholini sog‘lom turmush tarziga jalb etishda, bo‘lg‘usi chempionlarni tarbiyalashda ne chog‘li ahamiyatli hol bo‘layotganligiga yorqin dalildir.
Shu kunlarda mamlakatimizda 16-21 yoshlilar o‘rtasida sportning yengil atletika, workout, shaxmat-shashka, stol tennisi, voleybol, stritbol turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tmoqda.
Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarning e’tirof etishlaricha, “Besh tashabbus olimpiadasi” yuzlab iste’dodlarni kashf etilishiga xizmat qiladi. Qolaversa, ming-minglab yoshlar ommaviy sport bilan oshno tutinadi.
Bu esa, aholi salomatligini mustahkamlashga, terma jamoalarning zahira tarkibi iqtidorli yoshlar bilan boyishiga zamin bo‘ladi. Eng muhimi, bu, soha mutaxassislarining ish ko‘nikmasi va tajribasi yanada oshishini ta’minlaydi.
A’zam MAHMUDOV,
O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti
Pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri
O‘zA