Berlinda Navro‘z nishonlandi
Berlin Etnologiya muzeyida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Pokiston va Afg‘oniston davlatlarining Germaniyadagi diplomatik vakolatxonalari bilan birga Navro‘z umumxalq bayrami tashkil etildi.
“Cultur-Cooperation e.V.” xalqaro hamkorlik jamiyati bilan hamkorlikda o‘n davlat ishtirokida nishonlangan saylda GFR rasmiylari, Berlinda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus, shuningdek ushbu mamlakatdagi jamoat va ilmiy doiralar vakillari hamda vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
Mehmonlarni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi madaniyat ishlari bo‘yicha vakili Yens Vagner, Berlin Etnologiya muzeyi rahbari Melani Krebs qutladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston diplomatlari Navro‘z bayrami milliy qadriyat sifatida mamlakatimizda keng nishonlanishi, yurtimizda qadriyatlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotgani, har yili ushbu bayram arafasida bunyodkorlik ishlari, xayriya tadbirlari o‘tkazilishi xususida ma’lumot berdilar.
Har bir ishtirokchi mamlakat Germaniya poytaxti keng jamoatchiligiga axborot stendi, milliy shirinliklar hamda badiiy dastur namoyish etdi. Ayniqsa, mamlakatimiz vakillari tomonidan “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida taqdim etilgan madaniy dastur barchaga manzur bo‘ldi. Tomoshabinlar ishtirokida o‘tkazilgan “O‘zbekistonni bilasizmi?” viktorinasi, “Arqon tortish” kabi milliy o‘yinlarimiz xorijliklarning yurtimiz madaniyatiga qiziqishini yanada oshirgani shubhasiz.
Milliy uslubda bezatilgan stendimiz ham tashrif buyuruvchilarda mamnunlik uyg‘otdi. Mehmonlarga o‘zbek xalqining qadimiy tarixi, boy madaniyati va an’analari, turistik salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, turizm salohiyati haqida hikoya qiluvchi buklet, tarqatma meteriallar taqdim etildi.
Tadbirda ishtirok etgan vatandoshlarimiz o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Axborot texnologiyalari parkining Germaniyadagi vakili, magistr Jamila Qalibayeva:

– Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan qo‘shni mamlakatlar va Turk kengashi davlatlari bilan birga Navro‘zga bag‘ishlab uyushtirilgan ayyomda ishtirok etganimdan xursandman.
Xorijlik mehmonlar qatori turli davlatlardan kelgan talabalar ham mazkur qadimiy bayramni nishonlash uchun tashrif buyurishdi. Bu yerda turli mamlakatlarning milliy stendi, o‘ziga xos an’analari, san’at namunalarini ko‘rish mumkin. Turizm salohiyati targ‘iboti, rang-barang kulolchilik va hunarmandlik buyumlari, milliy liboslar, xon atlas, adras kabi yurtimiz nafis matolari bilan bezatilgan O‘zbekiston ko‘rgazmasi bayram ishtirokchilari diqqat markazida bo‘lganidan faxrlandik.
Hammaga bahoriy kayfiyat ulashuvchi ajoyib ayyom – Navro‘z muborak bo‘lsin!
Germaniyalik vatandoshimiz Mohinur Usmonova:

– Germaniya poytaxtida ham sevimli Navro‘zni oilaviy nishonlashga muyassar bo‘ldik. Go‘zal bayram bahona yurtdoshlarimiz, qardosh xalqlar vakillari bilan uchrashdik, boshqa mamlakatlarning qadriyati, milliyligi, bahoriy udumlari bilan tanishdik. Barcha ishtirokchilar qatori milliy urf-odatimiz, an’analarimiz, qadriyatlarimizni namoyish etdik. Navro‘z haqida she’r, qo‘shiqlar yangradi.
Fursatdan foydalanib, xorijdagi vatandoshlarimiz nomidan O‘zbekiston xalqini samimiy tabriklayman.
Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi.
O‘zA