Berlin xavotirda: Eron nemis armiyasini nishonga oldimi?
Germaniya rasmiylari Eron razvedkasi mamlakat qurolli kuchlari — Bundesverga qarshi josuslik va kiberhujumlarni kuchaytirganidan jiddiy xavotir bildirmoqda. Siyosatchilar bu holatni xavfsizlik muhiti keskinlashganining yaqqol belgisi sifatida baholamoqda.
Vaziyat YeI Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini (IRGC) terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgach, yanada keskinlashdi. Tehron bunga javoban Bundesver va boshqa Yevropa armiyalarini “terrorchi tuzilmalar” deb e’lon qildi. GFR razvedkasi bu qarorni bevosita tahdid sifatida qabul qilib, harbiy ob’ektlar va shaxsiy tarkib atrofidagi xavfsizlik choralarini kuchaytirdi.

Mamlakat harbiy razvedka xizmati (MAD) Eron razvedka organlarini Bundesverga qarshi faol josuslik olib borayotgan asosiy kuchlardan biri deb hisoblaydi. Nemis mutaxassislari nafaqat an’anaviy josuslik, balki kiberrazvedka — elektron pochta va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatuv ham kuchayganini ta’kidlamoqda.
Rasmiylar ogohlantirishicha, Islom Respublikasi faqat harbiylarga emas, balki Germaniyada yashovchi eronlik muxoliflar, jurnalistlar, Isroil va yahudiy tashkilotlariga ham qiziqish bildirmoqda. Ayrim hollarda bu kuzatuvlar turli hujumlarga tayyorgarlik sifatida baholanmoqda.
Parlament nazorati qo‘mitasi rahbari Konstantin fon Notsning aytishicha, 2023 yil 7 oktyabrda Isroildagi hujumlardan so‘ng Eron razvedkasi Germaniyada faolroq harakat qila boshlagan. Shu bois u hukumatni “barcha zarur xavfsizlik choralarini ko‘rishga” chaqirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA