Beqiyos asar endi o‘zbek tilida
Inson hayotda yashar ekan, uning umri uch bosqichda: bolalik, yoshlik va keksalik davrida kechadi. Dastlab bola hayoti bilan soddaroq, keyin yoshlik xayoli bilan jo‘shqinroq yashasa, keksaligida bor-yo‘q falsafasi, hayot xulosasi bilan yashaydi.
Umr sarhisobi davomida aytishi lozim bo‘lgan so‘zini birda aytsa, birda aytmaydi. «Yangi asr avlodi» nashriyoti zabardast adiblar ijodidan qator asarlarni taqdim etishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Mazkur asar ham tanlab o‘qiydigan kitobxonlarga mo‘ljallangan.
«Aka-uka Karamazovlar» – adibning eng so‘nggi asari ekanligini hisobga olsak, bu asarni Dostoyevskiyning "so‘nggi so‘zi" deyishimiz to‘g‘ri bo‘lar. Asardagi uch aka-uka – biri soddaroq, biri jo‘shqin va boshqasi mulohazali. Xarakter va qarashlari bir-biriga o‘xshamaydi. Ammo barchasida umumiylik bor. Bu nafaqat qondoshlik, balki ularning ma’naviy yaqinligida aks etadi. Aka-ukalar bilan tanishish chog‘ida, hayot har bir inson shaklida davom etar ekan, insoniylik degan tushuncha o‘lmaydi, degan xulosaga kelamiz.
Asar dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan, jahon adiblari ushbu asar haqida bundan keyin ham gapirishar ehtimol. Shu o‘rinda esa amerikalik yozuvchi Kurt Vonnegutning «Aka-uka Karamazovlar» romani haqidagi ta’rifini keltirsak, o‘rinli bo‘ladi: «Hayotda nimani bilish kerak bo‘lsa, barchasini shu asardan o‘qib olish mumkin». Darvoqe, buyuk Tolstoyning umri davomida mutolaa qilgan eng so‘nggi asari ham aynan «Karamazovlar» bo‘lgan.
Fyodor Dostoyevskiy «Aka-uka Karamazovlar» romanini ham azob, og‘rinish, cheksiz dilgirlik va qo‘qqisdan bostirib kelishi mumkin bo‘lgan qandaydir qismat olovlaridan tahlikada yozgan.
U doim shunday yozgan, chunki doim shunday yashagan. Ehtimol o‘zini azoblar ichida ko‘proq yaxshi ko‘rgan, o‘zini azoblarda toblanayotgani uchun ham nimagadir arzitgan.
Roman 1878 – 1880 yillarda qog‘ozga tushirilgan.
Butun asar davomida muallif usta darbozdek mangulikka tortilgan ikki dor ustida u yoqdan bu yoqqa oshib o‘yin o‘ynaydi: din – dinsizlik, ixlos – dahriylik, haq – haqsizlik, jiddiyat – masxarabozlik, ota – o‘g‘il, sharaf – toptalish...
Adabiyotshunoslar fikricha, asar haqiqatda 60-70-yillar «rus hayoti qomusi» – reformadan keyingi og‘ir, dog‘uli, alahlayotgan Rossiyaning turish-turmushi.
Barcha ijtimoiy qatlamlar – aynigan zodagonlaru yuksak «madaniyat» sohiblaridan tortib yo‘qsil mujiklargacha; turli jamiyatlaru yangi sud tizimigacha; nasroniycha utopiyadan isyon qilayotgan xudosizlikka qadar yoyilgan g‘oyaviy ziddiyatlar, avlodlar o‘rtasidagi dushmanlik kayfiyatigacha ifoda etadi va yana insoniy sha’nni tiklash yo‘lini ham...
Dostoyevskiy mana shu talato‘p ichida insonni izlaydi: yo‘ldan ozgan, ammo qayta najot yo‘lini topgan insonni. Har kim Xudo tomonidan yuklagan vazifani ado etishi kerak. Yo‘qsa, baxt ato etilmas.
Romanning oxiri baxtiyor va tantanavor ohanglarda yakunga yetadi.
Demak, o‘zbek adabiyotiga Dostoyevskiy so‘zi, falsafasini takror va takror taqdim etgan ustoz tarjimon – Ibrohim G‘afurovdan navbatdagi beqiyos asarni kutib olamiz.