Belg‘obli kurashchilar mamlakat kubogida bellashdi
G‘ijduvonda belbog‘li kurash bo‘yicha 2007-2008 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tdi.
Turizm va sport vazirligi hamda mamlakatimiz belbog‘li kurash federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 400 nafarga yaqin yosh sportchilar ishtirok etdi.
Musobaqada o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishida 11 ta vazn toifasida, qizlar esa erkin yo‘nalishda 7 ta vazn toifasida bellashdi.
Kubok reglamentiga ko‘ra, musobaqaning birinchi kuni o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishida 11 ta vazn toifasida kurash tushgan bo‘lsa, ikkinchi kunida erkin yo‘nalishda qizlar 7 ta vazn toifasida, o‘g‘il bolalar 11 ta vaznda bahslarga kirishdi.

Musobaqani belbog‘li kurash federatsiyasi hakamlar hay’ati raisi Toshkentboy Yaxshiboyev boshchiligida 30 nafar hakamlar guruhi baholab bordi. Bellashuvlarning so‘nggi natijalariga ko‘ra, o‘z vazn toifalarida klassik yo‘nalishda Ziynatillox G‘anijonov (Andijon), Bagdaulet Dongesov (QQR), Mirjahon Isroilov (Buxoro), Axror G‘ofurjonov (Namangan), Asilbek Muhammedov (Farg‘ona), Sardor Abdullayev (Toshkent v.), Saidislom Saidjalolov (Toshkent v.), Ulug‘bek Muhammadjonov (Andijon), Almazbek Orыnbayev (QQR), Muhammadqodir Karimjonov (Toshkent sh.), Muhammadyusuf Mo‘minov (Farg‘ona) shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Qizlar o‘rtasidagi erkin yo‘nalishda Jasmina Ma’murjonova (Farg‘ona), Naimaxon Subxonaliyeva (Farg‘ona), Gulbahor Imomnazarova (Andijon), Arofat Muhammedova (Andijon), Gulsanam Rahmatullayeva (Namangan), Eldora Alimboyeva (QQR) hamda Muborak Marufjonova (Namangan) oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Mazkur yo‘nalishning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Zaxriddin Mo‘ydinov (Andijon), Mahmudjon Mamajonov (Namangan), Ozodbek Ataqulov (Buxoro), Ozodbek Salimov (Farg‘ona), Oqilbek Rahimberdiyev (Namangan), Sobirjon Abdullayev (Sirdaryo), Mirjalol Mirahmedov (Farg‘ona), Otabek Abdujabburov (Sirdaryo), Xafiz Rahimov (Buxoro), Behruz Ibrohimov (Toshkent v.), Navro‘z Mamayusupov (Navoiy) tengsiz ekanini isbotladi.
O‘zbekiston kubogi bahslarida shogirdlarining muvaffaqiyatli ishtiroki, Nukus shahrida milliy sport turiga qaratilayotgan e’tibor haqida Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus shahar oliy mahorat maktabining belbog‘li kurash bo‘yicha bosh murabbiyi Bokenbay Saduakasov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Kubok bellashuvlarini o‘tkazish uchun yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldik. Buning uchun mezbonlarga, xususan, Buxoro viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi, G‘ijduvon tumani hokimligi, belbog‘li kurash federatsiyasi, sport maktabi jamoasiga minnatdorchilik bildiramiz. Shogirdlarimiz ushbu musobaqada 3 oltin, 3 kumush va 4 bronza medalini qo‘lga kiritdi. Mamlakat kubogidagi bahslar har qachongidan ham qizg‘in bahslarga boy o‘tdi.

Shogirdlarim bildirilgan ishonchni oqladi. Biroq bu g‘alaba bilan cheklanish kerak emas. Bizning oldimizda ulkan marralar turibdi. Uni zabt etishimiz uchun tinimsiz mehnat zarur. Hozirda Nukus shahrida milliy sport turlarimizni yanada rivojlantirish va aholi o‘rtasida ommalashtirish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida hududimizda belbog‘li kurash bo‘yicha bir qator yosh iste’dod egalari kamol topayotir. Ularning o‘zlari tanlagan sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun sport maktablari, kurash to‘garaklarida barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Mamlakat miqyosidagi musobaqalarda yoshlarimiz o‘z tajribalarini oshirgan holda jahon maydoniga yo‘l olib, jahon chempionatlarida ham yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishlariga ishonchimiz komil. Buning uchun esa bizda barcha imkoniyatlar yetarli.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA