Belarusda harbiy samolyot halokatga uchradi, qurbonlar bor
Belarus tergov qo‘mitasi Brest viloyatida harbiy samolyotning halokatga uchrashi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi, deyiladi mahkama saytidagi ma’lumotda.
Mamlakat mudofaa vazirligi matbuot xizmati avvalroq, o‘quv-mashq parvozi davomida “Yak-130” samolyoti halokatga uchrab, undagi ikki uchuvchi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Uchuvchilar texnik nosozlikni payqashganidan keyin samolyotni aholi punktidan uzoqlashtirishga muvaffaq bo‘lgan va samolyot aholi istiqomat qilmaydigan bino ustiga qulagan.
Boshqa qurbonlar qayd etilmagan. Tegishli xizmatlarning xodimlari hodisa joyida ish olib borgan. Hodisa sabablariga aniqlik kiritilmoqda.