Bekobod investitsiyalar samarasida rivojlanmoqda
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida ham 6 loyiha amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda karantin boʻlishiga qaramay iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimi kirib kelishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan, joriy yilda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida sanoat sohasida 33, xizmat koʻrsatish va servis sohasida 32, qishloq xoʻjaligida 8 ta umumiy qiymati qariyb 7 trillion 360 milliard soʻmlik 73 investitsiya loyihasi amalga oshirilishi koʻzda tutilgan edi.
– Joriy yilning oʻtgan 6 oyida Bekobod shahrida umumiy qiymati 38 milliard 533 million soʻm boʻlgan 36 loyiha amalga oshirildi, – dedi Toshkent viloyati hokimining oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov. – Mazkur loyihalardan kutilgan natija esa qisqa fursatlarda oʻz samarasini berdi. Asosiysi, ushbu investitsiya loyihalarining ishga tushirilishi zamirida mahalliy byudjetga 10 milliard 945 million soʻm miqdorida soliq tushumlari kelib tushdi. 317 yangi ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, bekobodlik 142 xotin-qizning doimiy bandligi taʼminlandi.
Bugungi kunda hududda sanoat sohasini rivojlantirish boʻyicha 25 milliard 341 million soʻmlik 17, aholiga xizmat koʻrsatish va servis sohasida 45 milliard 734 million soʻmlik 26 loyiha ishga tushirildi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida ham 6 loyiha amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda Bekobod shahrida 6 ta xorijiy loyiha amalga oshirilishi hisobiga jami 18,4 million dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirishi belgilangan edi. Shunga koʻra, 5 korxona tomonidan 10 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oʻzlashtirildi.
Bugun hududda bu borada samarali faoliyat yuritayotgan, aholining daromad manbaiga aylanib ulgurgan harakatdagi istiqbolli loyihalar talaygina. Jumladan, “BEKOBOD-SINTEX” masʼuliyati cheklangan jamiyati oyna tolali quvurlar va lotoklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Oʻzbekiston – Xitoy hamkorligida bunyod etilgan ushbu qoʻshma korxona uchun jami 7,1 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etilgan. Loyiha ishga tushirilgach 60 doimiy ish oʻrni paydo boʻladi.
Hozirda mazkur qoʻshma korxonada bozor talablariga mos keladigan, pishiq va puxta oyna tolali trubalar va lotoklar ishlab chiqarish texnologiyasi keng yoʻlga qoʻyilgan. Bu yerda yiliga 36 ming pogona metr boʻlgan turli oʻlchamdagi quvurlar ishlab chiqarilmoqda. Ushbu mahsulotlar asosan yoʻl va suv xoʻjaligiga oid qurilishda ishlatiladi.
Bekobod shahrida xorijiy investitsiya loyihalari asosida ishga tushirilgan yana bir qoʻshma korxonalardan biri “BEKOBOD OGNEUPOR” sanoat korxonasi hisoblanadi. Ushbu korxona uchun 1 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etilgan boʻlib, unda yiliga import oʻrnini bosuvchi 40 ming dona oʻtga chidamli gʻisht, trubka va shu kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish keng yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, korxonada tayyorlanayotgan gʻishtlar har qanday yuqori haroratga chidamli, olovbardoshlilik xususiyatiga ega. Shu bois, ular ichki bozorda ham juda xaridorgir.
Taʼkidlash joizki, kelgusida Bekobod shahrida yana 3 yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Yengil sanoat yoʻnalishida faoliyat yuritilishi kutilayotgan loyihalar asosida matolarga rang berish, xomashyodan tayyor mato toʻqish va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasi yoʻlga qoʻyiladi.