Behbudiyning til masalasidagi qarashlari qanday edi?
Til masalasi har doim millatning eng nozik nuqtalaridan biri bo‘lib kelgan. XX asr boshida Turkistonda bu masala ayniqsa keskin tus oldi.
Bir tomondan, tilimizda arab va fors so‘zlari shu qadar ko‘payib ketgan ediki, oddiy xalq ziyolilarning gapini tushunmay qolardi. Ikkinchi tomondan, tilni butkul tozalashga urinuvchilar (soflik tarafdorlari) paydo bo‘lib, barcha chet so‘zlarni chiqarib tashlashni taklif qilardilar. Mahmudxo‘ja Behbudiy bu bahslarda o‘zining uzoqni ko‘zlagan strategiyasi – “Til diplomatiyasi” bilan maydonga chiqdi. Uning “Til masalasi” maqolasi bugungi kun tilshunosligi uchun ham dasturilamal bo‘lib xizmat qiladigan mukammal qarashlar tizimi edi.
Behbudiy vaziyatni chuqur tahlil qilar ekan, tilning ijtimoiy voqelik ekanini unutmadi. O‘sha davrda “Sadoi Turkiston” gazetasi va ba’zi ziyolilar (masalan, A.Muzaffar) tilni “arab va fors asoratidan” butunlay tozalash g‘oyasini ilgari surishardi. Ular hatto “mehmon” so‘zini “qo‘noq”, “Turkiston” so‘zini “Turk eli” deb o‘zgartirishni taklif qilishgan. Behbudiy bu yondashuvning xato va amalga oshmas xayol ekanini o‘tkir mantiq bilan isbotlaydi. U shunday yozadi: “Ba’zi afandilar mehmonni “qo‘noq” deyilsun deb taklif etarlar... Holbuki, bu ijrosi mumkin emas, quruq xayoli fosidginadur”. Uning fikricha, ming yillar davomida tilimizga singib ketgan, xalqning qoni va joniga aylangan so‘zlarni sun’iy ravishda chiqarib tashlash – tilni qashshoqlashtirish va uni xalqdan uzoqlashtirish demakdir.
Behbudiy “o‘rta yo‘l”ni tanladi. U arab va fors so‘zlarini butunlay inkor etmadi, lekin ularni me’yorida ishlatish tarafdori edi. Uning formulasi oddiy va dohiyona edi: agar so‘zning turkcha muqobili xalq tilida tirik bo‘lsa, albatta o‘shani ishlatish kerak. Ammo, agar “maktab”, “madrasa”, “qalam”, “siyosat” kabi so‘zlar allaqachon tilimizning organiga aylangan bo‘lsa, ularni majburan “o‘qish uyi” yoki boshqa yasama so‘zlar bilan almashtirish shart emas. Behbudiyning ta’kidlashicha: “Tilimizdan forsiy va arabiyni quvayluk”, bu ko‘b yengil orzu, ammo ijrosi mumkin emas orzulardandur”. U hatto geografiyaga e’tibor qaratadi: Toshkent, Farg‘ona, Samarqand kabi shaharlarda fors tilining ta’siri kuchli ekanligi, bu tarixiy voqelikni inkor etish emas, balki uni qabul qilib, shu asosda adabiy tilni shakllantirish kerakligini uqtiradi.
Eng muhimi, Behbudiy tilning asosiy vazifasi – bilim va fanni tashish ekanini anglagan edi. U Qozon tatarlari va Kavkaz musulmonlari matbuotini misol keltirib, ularning tili yildan-yilga “ko‘cha tili”dan uzoqlashib, adabiy va ilmiy tilga aylanib borayotganini olqishlaydi. Uning fikricha, “sodda til” degani bu hamma tushunadigan jo‘n til degani emas. Ilm-fan, falsafa va siyosat haqida yozilganda til tabiiy ravishda murakkablashadi va boyiydi. “Ilmiy va fanniy kitoblarni sirf avom tilig‘a yozmoq mumkin emasdur”, deydi u. Agar biz dunyo fanini o‘rganmoqchi bo‘lsak, xalqaro atamalarni (masalan, “teatr”, “bank”, “telegraf”) qabul qilishimiz va ularni o‘z tilimiz qolipiga moslashimiz zarur.
Behbudiyning til borasidagi qarashlari bugungi O‘zbekistonning davlat tili siyosati bilan hamohangdir. Biz ham tilimiz sofligini saqlashga intilamiz, lekin jahon ilm-fanidan uzilib qolmaslik uchun xalqaro atamalarni qabul qilamiz. Behbudiy yuz yil oldin aytgan haqiqatlar hanuz dolzarb. U millatga shuni o‘rgatdiki, o‘zlikni anglash boshqa madaniyatlardan devor bilan ajralib olishda emas, balki o‘z ildizini saqlagan holda dunyo daraxtiga payvand bo‘lishdadir.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA