Bayroqdan jilo olgan kurash yaktagi
O‘zbekiston sportchilarining g‘alabasi sharafiga jahon sport maydonlarida yuksalayotgan Vatan bayrog‘i g‘ururimiz timsoli hisoblanadi.
Bugun bu iftixor milliy sportimiz kurashning libosi sifatida dunyo kurashchilarini birlashtirib turganligi mustaqil mamlakatimiz sportining o‘ziga xos yutug‘i, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Dunyoning qaysi bir mamlakatida yoki qit’asida tashkil etilayotgan chempionat bo‘ladimi, yo Osiyo o‘yinlarimi, har qanday kurash musobaqasida sportchilar O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridan jilo olgan kurash yaktagida bellashadi, maydon aylanadi.
Amerika qit’asidan tortib, Okeaniya qit’asining eng chekka Yangi Zelandiya davlatidami, Yevropa yoki Afrika mamlakatlarida o‘tkazilayotgan kurash musobaqalarida O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olgan yaktaklarda o‘tkazilayotgani, 130 dan oshiq davlatlarda kurash federatsiyalari faoliyat yuritayotgani ular uchun ham O‘zbekiston bayrog‘i ranglari qanchalik qadrli ekanini ko‘rishimiz mumkin.

Kurash dunyo sportiga aylanib, yashil-ko‘k liboslarda shug‘ullanayotgan yoshlar safi yildan yilga ortayotgani betimsol hur bayrog‘imiz qadri dunyodagi ikki yuzdan ortiq davlatlarning ramzlari orasida nechog‘li yuksakligini anglatmoqda.
Ishonamizki, kurash o‘zbek sporti sifatida Olimpiya o‘yinlari qatoridagi sport turlaridan biriga aylanganda O‘zbekiston bayrog‘idan andoza olingan yashil-ko‘k kurash yaktaklari olimpiya maydonlarida dunyo yoshlarining egnida bundan-da yorqinroq jilolanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA