Bayroq yurtni birlashtiruvchi kuch
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti 1-bosqich talabalari uchun 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan ochiq dars o‘tildi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti 1-bosqich talabalari uchun 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan ochiq dars o‘tildi.
Bayroq millatlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtiradi, davlatchilik asosi sanaladi. Tug‘ atrofida yagona hudud va e’tiqod paydo bo‘ladi. Shu bois har bir davlat bayrog‘i mamlakat fuqarolari faxri va ozodlik timsoliga aylangan.
Ochiq darsda ta’kidlanganidek, mustaqil O‘zbekistonimiz bayrog‘i qabul qilinishi jarayoni ikki yarim yil davom etgan. Bir qancha variantlar ichidan tanlab olingan bayrog‘imiz bugun barchamiz uchun yuksak iftixor ramzidir.
Har bir fuqaro o‘z davlati bayrog‘i tarixi, u anglatadigan ramziy ma’nolarni yaxshi bilishi kerak. Bizchi? Davlatimiz bayrog‘i haqida bilamizmi, uning falsafiy ma’nosidan xabardormizmi? Afsuski, ayrim fuqarolarimiz bayrog‘imiz ma’nosini to‘liq bilmaydi. Hatto ba’zan milliy iftixorimiz ramziga nisbatan bepisandlik va hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish hollari ham uchrab turadi.
Talabalar bayrog‘imizga nisbatan bunday hurmatsizlikni keskin qoralab, davlat ramzlariga hurmat ruhini shakllantirishni oiladan boshlash kerakligini ta’kidladi. Zero, avvalo har bir ota-ona milliy ramzlarimiz haqida yaxshi bilishi, ular haqida oila davrasida bot-bot suhbat qurib, farzandlarida vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirishi kerak. So‘ngra maktabgacha va undan keyingi ta’lim jarayonida ham davlatimiz ramzlari haqida kengroq tushuncha berish tizimini faollashtirish maqsadga muvofiq.
“Bayroq yurtni birlashtiruvchi kuch” mavzuida o‘tgan ochiq darsda talabalar shu kabi fikrlarni bildirdi, o‘zlarining qalbida ham davlat ramzlariga hurmat hissini yanada mustahkamlab oldi.