Bayroq – milliy g‘urur va iftixorimiz timsoli (+video)
O‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan har bir yurt bayrog‘ining Birlashgan millatlar tashkiloti bosh qarorgohi maydonida muzaffar hilpirashini istaydi. Chunki bu dunyoda o‘z o‘rni, o‘z ovoziga ega ekanining tasdig‘i, mustaqilligining tan olingani ifodasidir.
Bundan roppa-rosa 32 yil muqaddam O‘zbekiston deb atalmish osoyishta, erkin va farovon yurtning ona tabiatdan andoza olib ishlangan davlat bayrog‘i qabul qilingan edi. Shundan buyon bu muqaddas bayroq eng oliy sahnalar, eng yuqori marralarda, zafarli qo‘llarda baland ko‘tarilmoqda, shavqu zavq bilan ko‘zlarga surtilib, lablarga bosilmoqda.
Bugun bu bayroq faqatgina O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzi emas, u shu yurtda tug‘ilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan barcha elatlarning tinchlik va ahillik timsoliga, qalblarni qalblarga yaqinlashtiradigan, dillarni dillarga ulaydigan vositaga aylangan. Dunyoning qaysi burchagida bo‘lmang, bu bayroq ona yurt nafasini dimoqqa uradi, qadrdon Vatanni yodga soladi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi barcha yurtdoshlarimizni ushbu sana bilan muborakbod etadi. Ona yurtimizdagi tinchlik va osudalik hech qachon bizni tark etmasin, bayrog‘imiz baland-balandlarda O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon yurt sha’ni, shonu shavkatidan darak berib hilpirayversin!
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Zz8TKFbUTrQ?si=2F9Yuyk8ssoU6Pag" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (O‘zA)