Bayramoldi savdo yarmarkalarida mol goʻshti 45 ming soʻmdan sotilmoqda
Bu kabi savdo yarmarkalari viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida ham tashkil etildi.
Mamlakatimiz mustaqilligining qutlugʻ yigirma toʻqqiz yillik bayrami arafasida viloyat hokimi tashabbusi bilan Andijon shahri hamda viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Andijon shahar markazi, shuningdek, 13 ta mahalla guzarida ish boshlagan ana shunday savdo yarmarkalari rastalaridan “Andijon viloyat bozorlari va savdo majmualari” uyushmasi, “Andijongoʻshtsutsavdo”, “Andijonbaliq” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari, viloyatdagi agrofirmalar, parrandachilik korxonalari, savdo tashkilotlari mahsulotlari, fermer xoʻjaliklari hamda dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, oziq-ovqat va poliz mahsulotlari oʻrin olgan.
– Mahallamiz guzarida tashkil etilgan yarmarkada 50 ga yaqin turdagi qishloq xoʻjaligi, poliz, oziq-ovqat mahsulotlari va sabzavotlar sotilmoqda, – deydi Andijon shahridagi “Mashʼal” MFY raisi Mohidil Mansurxoʻjayeva. – Ayniqsa, mol, tovuq goʻshti, baliq hamda tuxum bozorga nisbatan arzon, ham plastik karta orqali sotilayotganligidan behad xursandmiz.
Hamyurtlarimizning bayram dasturxonlari toʻkin boʻlishini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan ushbu savdo yarmarkalari shahar aholisi uchun katta qulaylik yaratmoqda. Qolaversa, savdoga qoʻyilgan mahsulotlar narxi bozordagiga nisbatan arzon. Bundan tashqari, namunali xizmat koʻrsatilishi, plastik kartalar orqali ham savdolarning yoʻlga qoʻyilganligi yurtdoshlarimizga manzur boʻlmoqda.
Savdo yarmarkalarida 1 kilogramm mol goʻshti 45-48 ming soʻm, tovuq goʻshti 18 ming soʻm, tuxum 650 soʻm, piyoz 1 ming 500 soʻm, kartoshka 3 ming soʻm, guruch 7,5-9 ming soʻmdan sotilmoqda. Yaratilgan ushbu qulaylikdan aholi behad mamnun.
Xalqimizning eng aziz, eng ulugʻ ayyomi – Mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari aholi turmushi farovonligini oshirish, xalqimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Bu kabi savdo yarmarkalari viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida ham tashkil etildi.