Bayram tantanali nishonlandi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining shonli 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan Nukus garnizonidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.
Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Rahmatullo Rahmonov Vatan himoyachilarini bayram bilan muborakbod etdi. Qo‘mondon harbiy okrugning 2024 yilgi faoliyati, bo‘linmalarga jangovar va milliy ruhni olib kirish, yuksak jangovar shaylik va tayyorgarlik masalalarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilgan ishlar, qo‘lga kiritilgan natijalarga to‘xtaldi.
[gallery-21255]
2024 yilda harbiy okrugda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda boshqarma huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazi, Nukus garnizonidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni uchun bino va inshootlar qurilib, mavjudlari kapital ta’mirlandi. Moddiy-texnik ta’minot bazasida olib borilgan kapital ta’mir natijasida bazaning imkoniyatlari bir necha barobar oshirilishiga erishildi. O‘tgan yil hisobida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida 56 nafariga uzoq muddatli, imtiyozli ipoteka kreditini ajratish hisobiga yangi xonadon ajratildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi jami 103 ming nafar yosh harbiy okrug tomonidan otaliqqa olinib, 260 nafar harbiy xizmatchiga bittadan mahalla biriktirildi. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Mudofaa vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar o‘rtasida Mudofaa vazirligi kubogi uchun” harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalarining yakuni bo‘yicha qoraqalpog‘istonlik yoshlar faxrli birinchi o‘rinni egallab, mudofaa vaziri kubogiga ega chiqdi.
Muhim sana munosabati bilan harbiy okrug harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilari hamda faxriylar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi raisi nomidan esdalik va ko‘krak nishonlari, qimmatbaho sovg‘alar, diplom va faxriy yorliqlar, navbatdagi harbiy unvonlar bilan taqdirlandi.
Tantanali marosim san’at ustalari hamda harbiy xonandalarning bayram konserti, shuningdek, yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari bilan yakunlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA