Baxtli bolalikning quvonchli damlari
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi tasarrufidagi «Imkon» Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 avgustdagi “Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qurilib, 2019 yilda foydalanishga topshirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti 120 o‘ringa mo‘ljallangan.
Markazga eshitishida, psixologik rivojlanishida va harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan 2 yoshdan 7 yoshgacha bolalar qabul qilinadi. Shu bilan birga, 2 yoshdan 16 yoshgacha bolalar va o‘smirlar ham reabilitatsiya markaziga qatnashi mumkin.
[gallery-2638]
Tashkilotda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi “Bolalik” reabilitatsiya markazi, Sankt-Peterburg shahridagi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Koreya Respublikasida tajriba orttirib kelgan pedagoglar, tibbiyot xodimlari va defektologlar faoliyat olib bormoqda.
Hozirgi vaqtda bu bolalar bog‘chasida 137 nafar yuqori malakali tibbiyot xodimi va tajribali pedagog kadrlar korreksiyaviy pedagogika faoliyatini olib bormoqda. Bu yerda bolalarning salomatligini tiklash, ularga bilim va tarbiya berish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Tadbirda bog‘cha tarbiyalanuvchilari, san’at ustalari va Qoraqalpoq davlat Qo‘g‘irchoq teatri jamoasi ijrosidagi konsert dasturi barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilariga homiylar tomonidan bayram sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA