"Barselona" Torresning transferi orqali 50 mln yevrolik moliyaviy imkoniyat yaratdi
Diario Sport nashriga ko‘ra, hujumchining sotilishi kataloniyaliklarga moliyaviy feyr-pley doirasida qariyb 50 mln yevrolik zaxira yaratgan.
Ferran Torresning “PSJ”ga o‘tishi "Barselona"ning transfer bozoridagi imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirdi. Diario Sport nashriga ko‘ra, hujumchining sotilishi kataloniyaliklarga moliyaviy feyr-pley doirasida qariyb 50 mln yevrolik zaxira yaratgan.
"Barselona" 26 yoshli futbolchini “PSJ”ga qariyb 50 mln yevroga sotdi. Bu kelishuv klub tarixidagi eng qimmat transferlar reytingida beshinchi o‘rinni egalladi.
Torres 2022 yil yanvarida "Manchester Siti"dan 55 mln yevroga xarid qilingan va u bilan 2027-yil yozigacha shartnoma tuzilgandi. Futbolchining yillik amortizatsiya qiymati 10 mln yevroni tashkil etgani sababli, transfer paytida uning klub hisobidagi qoldiq qiymati ham shuncha bo‘lgan.
Natijada "Barselona" sotuvdan buxgalteriya hisobi bo‘yicha qariyb 40 mln yevro foyda oldi. Shuningdek, klub Torres shartnomasining so‘nggi yili uchun ko‘zda tutilgan taxminan 10 mln yevrolik maosh xarajatidan ham qutuldi. Shu tariqa, transfer kataloniyaliklarga jami 50 mln yevroga yaqin moliyaviy imkoniyat taqdim etdi.
Manbaning hisob-kitobiga ko‘ra, "Manchester Siti" yarim himoyachisi Rodrini 70 mln yevroga xarid qilish va unga to‘rt yillik shartnoma berish "Barselona"ning maosh limitida taxminan 37,5 mln yevrolik o‘rin talab qiladi. Karim Adeyemini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun esa yana 16,4 mln yevro zarur bo‘ladi.
Har ikki futbolchi bilan bog‘liq umumiy moliyaviy yuklama 53,9 mln yevroga baholanmoqda. Ferran Torresning sotilishi ushbu summaning katta qismini qoplab, "Barselona"ning rejalashtirilayotgan transferlarni amalga oshirishini osonlashtirishi mumkin.