Barqaror va energiya samarador mobillik sari
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Yevropa harakatlanish haftaligi start oldi.
Haftalik doirasida tadbirlar oy oxiriga qadar davom etadi. Xususan, ular orasida 22 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan "Avtomobilsiz kun" umumjahon harakati ham o‘rin olgan.
Bu yilgi tadbirlar “Energiyani tejang” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, barqaror shahar mobilligini ilgari surishda energiya samaradorligining hal qiluvchi roliga ahamiyat qaratiladi.
– Energiyani asrash va tejash iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, energetik xavfsizlikni ta’minlash va jamoaviy farovonlikni yaxshilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian. – Kelinglar, barqaror mobillik oyligi doirasida energiyani asrashning global ahamiyatini anglaymiz va barqaror mobillikni kundalik hayotimizning muhim qismiga aylantiramiz. O‘zbekiston transport infratuzilmasida energiya samaradorlik o‘ynaydigan rolning e’tirof etilishi barqaror shahar mobilligiga yo‘l ochadi. Birgalikda biz yanada ekologik toza va adolatli kelajak sari harakat qilamiz.
Ta’kidlash kerakki, joriy yilda Yevropa Ittifoqining tashabbusini 39 mamlakatdagi 2000 dan ziyod shahar qo‘llab-quvvatladi. Ilg‘or jahon tajribasi va avvalgi yillar amaliyotiga rioya qilgan holda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi davlat miqyosidagi hamkorlarni, mahalliy hokimiyat organlari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillarini bo‘lib o‘tadigan Yevropa harakatlanish haftasida ishtirok etishga taklif etadi. Buni mobillik aksiyasini o‘tkazish, siyosatni ishlab chiqish, infratuzilmani yaxshilash yoki xabardorlikni oshirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshirish mumkin.
Aholiga harakatlanishning ekologik toza vositalari – velosiped, metro va tramvaylardan foydalanish yoki shunchaki piyoda yurish taklif etiladi. Bunday tanlov nafaqat ekologiyani tejaydi, balki atrof-muhit holatini yaxshilaydi va odamlar farovonligi darajasini oshiradi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA