Barnoxon Sayfullayeva Sanya-2026 sohil o‘yinlarida g‘oliblikka erishdi
Xitoyning Sanya shahrida davom etayotgan VI Osiyo sohil o‘yinlarining navbatdagi kunida yengil atletikachimiz Barnoxon Sayfullayevaning oltin medalni qo‘lga kiritishi natijasida O‘zbekiston nomi ulug‘landi.
O‘zbekiston delegatsiyasi oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Sohil yengil atletikasi bahslarida vatanimiz sharafini himoya qilgan Barnoxon Sayfullayeva balandlikka sakrash dasturida eng yaxshi natijani qayd etdi.

Hamyurtimiz murosasiz bahslar davomida 1.85 metr ko‘rsatkichga erishib, 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar 1.83 metr balandlikni zabt etgan xitoylik sportchilarga tegishli bo‘ldi.
40 dan ortiq davlatning 4 ming nafarga yaqin sportchilari ishtirokida o‘tayotgan VI Osiyo sohil o‘yinlari 30-aprelga qadar davom etadi.

O‘yinlarda mamlakatimizning 19 nafar sportchisi 4 ta sport turida qatnashmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA