"Barkamol avlod" – kelajak chempionlarini kashf etgan musobaqa
Qariyb 100 ming nafar yoshni qamrab olgan “Barkamol avlod–2025/2026” musobaqalari yakunlandi. Bir necha bosqichli saralashlar orqali iqtidorli sportchilar kashf etildi va hududlar o‘rtasidagi raqobat yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, iqtidorli sportchilarni saralab olish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Barkamol avlod” sport musobaqalari alohida ahamiyat kasb etadi.
2025-yil noyabr – 2026-yil may oylari davomida tashkil etilgan “Barkamol avlod–2025/2026” musobaqalari nafaqat qatnashchilar soni, balki qamrovi, geografiyasi va raqobat darajasi bilan ham e’tiborga loyiq bo‘ldi. Akademik litseylar, texnikumlar hamda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda qariyb 100 ming nafar yosh ishtirok etdi.
Musobaqalarning ahamiyatli jihati shundaki, ular faqat g‘oliblarni aniqlash bilan cheklanib qolmay, mamlakat sport zaxirasini shakllantirishning muhim bo‘g‘ini vazifasini ham bajardi. Dzyudo, yengil atletika, erkin va yunon-rum kurashi, belbog‘li kurash, shaxmat, shashka, voleybol, basketbol, futbol, gandbol kabi 16 ta sport turini qamrab olgan bahslar yoshlarning jismoniy tayyorgarligi va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qildi.

Raqamlarga murojaat qilinsa, musobaqalarning birinchi bosqichida 98 ming 673 nafar o‘quvchi qatnashgan. Keyingi saralash bosqichlarida ishtirokchilar soni tabiiy ravishda qisqarib borgan bo‘lsa-da, raqobat keskinlashdi. Tuman va shahar bosqichlarida 77 ming 568 nafar, hududiy bosqichlarda 24 ming 856 nafar sportchi ishtirok etdi. Eng sara sportchilardan iborat 3 ming 94 nafar yosh esa respublika final bosqichiga yo‘llanma oldi.
Bu ko‘rsatkichlar har 30 nafarga yaqin ishtirokchidan faqat bittasi respublika finaligacha yetib kelganini ko‘rsatadi. Bu esa musobaqalarning tanlov va saralash tizimi yuqori darajada tashkil etilganidan dalolat beradi.
Final bosqichlari mamlakatning turli hududlarida tashkil etilgani ham ahamiyatli jihat. Shahrisabzda dzyudo, Jizzaxda yengil atletika, Buxoroda milliy va olimpiya sport turlari, Gulistonda badminton, Qo‘qonda belbog‘li kurash, Samarqandda shaxmat va shashka, Urganchda stol tennisi, Navoiyda futbol hamda Toshkent shahrida gandbol musobaqalari o‘tkazildi. Bu esa sport infratuzilmasidan samarali foydalanish va hududlarda sport muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
Musobaqalar natijalariga nazar tashlansa, ayrim hududlar bir necha sport turida yuqori natijalar qayd etgani ko‘zga tashlanadi. Xususan, Toshkent shahri yengil atletika, shaxmat-shashka, voleybol, basketbol va gandbol kabi qator yo‘nalishlarda yetakchilik qildi. Buxoro viloyati kurash sport turlarida o‘z mavqeini namoyon etgan bo‘lsa, Xorazm viloyati badminton, stol tennisi hamda Street Workout yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishdi.

Umumjamoa hisobida Toshkent shahri birinchi o‘rinni egalladi. Poytaxt jamoasi yil davomida turli sport turlarida barqaror natija qayd etdi. Buxoro viloyati ikkinchi, Xorazm viloyati esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu esa mazkur hududlarda sportchilarni tayyorlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar fikricha, bunday musobaqalarning eng muhim natijasi medallar emas, balki sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi yoshlar sonining ortishida namoyon bo‘ladi. Ayni paytda professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ko‘plab yoshlar aynan shu musobaqalar orqali o‘z iqtidorini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

“Olimpiya shaharchasi”da bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlarning munosib rag‘batlantirilgani ham yoshlarning sportga qiziqishini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Xususan, yuqori natija qayd etgan hududlarga Prezident sovg‘alari va zamonaviy sport anjomlarining topshirilgani bu boradagi e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.
“Barkamol avlod–2025/2026” musobaqalari mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom va faol yoshlar qatlamini shakllantirish hamda kelajakda xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarni kashf etishga xizmat qilgan muhim sport loyihalaridan biri sifatida yodda qoladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA