Barkamol avlod: hozircha samarqandliklar peshqadam
O‘tgan yilning dekabr oyida start olgan «Barkamol avlod» sport o‘yinlari final bosqichi bahslarining bugungacha 9 ta yo‘nalishidagi musobaqalar jumladan, kurash, futbol, dzyudo, yengil atletika, voleybol (qiz va o‘g‘il bolalar), basketbol (qizlar va o‘g‘il bolalar), gandbol (qizlar va o‘g‘il bolalar) sport turlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumki, 12 ta sport turidan o‘tkaziluvchi ushu sport o‘yinlari yakunida 14 ta hududning to‘plagan ochkolari hisobiga binoan umumjamoa hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hudud aniqlanadi.
Hozirda 9 ta musobaqadan so‘ng samarqandlik sportchilar 107 ochko bilan «Barkamol avlod» sport o‘yinlarida yetakchilik qilmoqda. 2-o‘rinni 103 ochko bilan Xorazm viloyati sportchilari, 3-o‘rinda 96 ochkoga ega farg‘onalik yoshlar borishmoqda.
Shuningdek, yuqori uchlikka kirish uchun Surxondaryo viloyati terma jamoasi 92 ochko, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyati sportchilari esa 90 ochkodan jamg‘argan holda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turishibdi.
Eslatib o‘tamiz, «Barkamol avlod» sport o‘yinlarining respublika final bosqichida yana badminton, belbog‘li kurash, stol tennisi, shaxmat va shashka sport turlari bo‘yicha jami 5 ta musobaqa o‘tkazilishi kutilmoqda.
O‘yinlarning final bosqichi yakunida jadvalning yuqori uchligidan o‘rin olgan hududlarning sportchi-yoshlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrinlari topshiriladi.
O‘zA