“Barkamol avlod” bolalar maktabiga press-tur
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalari hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabiga press-tur tashkil etildi.
Avval viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Muqaddas Rahmatova press-tur ishtirokchilariga muassasa faoliyati, maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berdi.
– Viloyatimizda 11 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi mavjud bo‘lib, 394 tadan ziyod to‘garakka 10 ming 917 nafar o‘quvchi jalb etilgan, – deydi M.Rahmatova. – Maktablarimizda 223 ta tarmoq to‘garagi bo‘lib, ularga 5 ming 800 nafardan ziyod o‘quvchi qamrab olingan. Bugungi kunda o‘quvchilarning qiziqishi baland bo‘lgan “Texnika, konstruktorlik va modellashtirish” yo‘nalishida 60 ta to‘garak mavjud bo‘lib, 162 ta guruhga 1 ming 610 nafardan ziyod o‘quvchi jalb qilingan. Navoiy, Zarafshon shaharlari hamda Qiziltepa tumanida “Robototexnika” to‘garaklarining onlayn guruhlari tashkil etilgan. To‘garaklar 79 nomdagi o‘quv dasturlari, ko‘rgazmali vositalar, qo‘llanmalar bilan to‘liq ta’minlangan. Barcha “Barkamol avlod” bolalar maktablari tezkor internet tarmog‘iga ulangan.
Press-tur jarayonida ishtirokchilar “Barkamol avlod” bolalar maktabida tashkil etilgan “Robototexnika”, “Maktabgacha tayyorlov”, “Ekodizayn”, “Ingliz tili”, “Tasviriy san’at”, “Mental arifmetika” to‘garaklarida olib borilayotgan jarayonlar bilan tanishdi.
[gallery-16097]
– O‘zim Navoiy shahridagi 8-umumta’lim maktabida o‘qiyman, – deydi Javohir Norpo‘latov. – Bo‘sh vaqtimda “Robototexnika” to‘garagida turli robot modellarini yasayman. Men yasagan bu model yo‘llarda tezlikni oshirganda uni kamaytirishga xizmat qiladi. Ya’ni yo‘l yoqasiga o‘rnatilgan robot nazoratchi xotirasiga belgilangan tezlik ko‘rsatgichi kiritiladi. Agarda mashina tezlikda kelayotgan bo‘lsa oldinda sun’iy notekislik mavjudligini eslatadi va haydovchi tezlikni kamaytiradi. Mabodo mashina belgilangan tezlikda harakatlanib kelayotgan bo‘lsa, robot hech qanday sun’iy tekislikni ko‘rsatmaydi. Tez yordam mashinasi, o‘t o‘chiruvchi texnikalar uchun robot uskunada hech qanday harakat qayd etilmaydi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jahongir Qalandarov so‘zga chiqib, bugungi kunda ushbu muassasada olib borilayotgan ishlar, yechimini kutayotgan masalalar, viloyatning uzoq hududlaridagi maktablarda tashkil etilayotgan to‘garaklar, kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan reja va maqsadlar xususida batafsil to‘xtaldi.
Anjuman so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari