Barchasi inson qadri uchun
Aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni joylarda o‘rganib, samarali hal etish maqsadida Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi a’zolari Navoiy viloyatida bo‘ldi.
Ishchi guruh asosiy e’tiborni Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratdi. Jumladan, o‘rganishlar davomida aholining talab va istaklari asosida Xatirchi tumani “Chechak ota” MFYda yo‘l infratuzilmasi, elektr, gaz va suv ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.

– Mahallamizning ayrim ko‘chalarida shag‘al va asfalt qoplamasi yotqizilishida ishchi guruhi a’zolari tomonidan amaliy ko‘mak ko‘rsatildi, – deydi mahalla raisi O‘ktam Ochilov. – Jumladan, 50 ga yaqin maxsus texnikalar jalb etilib, 700 metr masofadagi ichki yo‘llarga shag‘al hamda 500 metr masofadagi ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizildi. Shuningdek, 1 transformator punkti yangidan o‘rnatildi, 500 metr masofaga maxsus yopiq elektr tarmoqlari tortilib, 15 dan ortiq eski sim yog‘ochlari beton tayanch ustunlariga almashtirildi. 1 dona gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi hamda 1 kilometr masofadagi o‘rta va past bosimli gaz tarmoqlarida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Mahalla hududiga 100 metr D-0,75 mm bo‘lgan polietilen quvur tortilib, 5 xonadon suv tarmog‘iga ulandi. Albatta, bu kabi ishlar “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan olib borilayotgani barchamizni quvontiradi.

Bugungi kunda yurtimizda mahallalardagi yoshlar bilan ishlash, ular bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu boisdan mahallada joylashgan 18-sonli maktab binosida yoshlar, xotin-qizlar hamda ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev, Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ishtirok etdi.

Mehnat yarmarkasida tumandagi 47 korxona va tashkilotlar, jumladan, 21 byudjet tashkilotlari, 26 xususiy korxonalar o‘zlaridagi mavjud bo‘lgan 273 bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
– Yarmarkada 225 nafardan ortiq ishsiz fuqarolar, shundan 165 nafar xotin-qiz ishtirok etdi, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Obidjon Xolov. – O‘tkazilgan mehnat yarmarkasida tegishli hamkor davlat tashkilotlari tomonidan sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida ishga tushiriladigan loyihalar hisobiga yaratiladigan ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlar ham berildi. Yakunda ishsiz fuqarolarning 55 nafari korxona, tashkilot va muassasalarga doimiy ishlarga joylashtirildi. 10 nafar fuqaro kasbga qayta o‘qitishga yo‘naltirildi va 40 nafar fuqaroga o‘z-o‘zini band qilishi maqsadida subsidiya asosida asbob-uskunalar berildi. 11 nafar fuqarolarga imtiyozli kredit rasmiylashtirilib, 109 nafariga huquqiy maslahatlar berildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Xatirchi tumanida maqsadli dasturlar doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Tumanda 2022-2023 yillarda aholiga zarur shart-sharoitlar yaratish, hududdagi infratuzilmani rivojlantirish va shu orqali investitsiyalarni jalb qilish uchun jami 239,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Oltinsoy” va A.Navoiy nomli mahallalarda 7 ijtimoiy soha ob’ektlari, 20,3 kilometr ichki yo‘llar, 13,6 kilometr ichimlik suvi, 50,3 kilometr elektr, 2 kilometr gaz tarmoqlari, 17 transformator va 7 gaz taqsimlash punktlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu maqsadlar uchun, 24,4 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
2022 yil Investitsiya dasturi doirasida esa 24 ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, 109,1 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan tuman hududidagi 52 mahallada 88 loyiha doirasida 56,6 milliard so‘mlik ish amalga oshirildi.
O‘tgan davr mobaynida tumanda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 avgustdagi “Mahallalarda infratuzilmani yaxshilash orqali aholiga qulay sharoitlar yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan 11,4 milliard so‘mlik, shuningdek, 2022 yil 24 oktyabrdagi “Buxoro va Navoiy viloyatlari aholisining turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq esa 5,3 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Shuningdek, hashar yo‘li bilan 2022-2023 yillarda tumandagi 46 mahallada 256 kilometr ichki yo‘llarga shag‘al yotqizildi, 6 mahallada 23,8 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA