Barchasi inson qadri uchun
Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Respublika tez tibbiy yordam markazi Navoiy filialining 8 ta tuman bo‘limiga “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam mashinalari topshirildi.
Aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash va yaqinlashtirish, shuningdek, Prezidentimizning sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yilning 16 iyun kuni “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi Prezident qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash rejasi tasdiqlangan.


– Yurtimizda aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmati sifatini yanada oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Zafar Rasulov. – Eng muhimi, ushbu topshirilgan tez tibbiy yordam mashinalari zamonaviy, barcha qulayliklar va yuqori texnik ko‘rsatkichga egaligi, harakatlanish tezligi yuqoriligi hamda ixchamligi bilan ajralib turadi. Mazkur avtomobillarni loyihalash va jihozlashda shifokor hamda bemorlarga imkon qadar qulaylik yaratishga e’tibor berilgan.
Darhaqiqat, aholiga shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish borasida yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha qulayliklarga ega zamonaviy mashinalarning topshirilishi ham tez tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA