Barcha shart-sharoitlar yaratilgan
Joriy yilning 21-25 oktyabr kunlari Asosiy fan olimpiadaning ikkinchi – tuman (shahar) bosqichlari o‘tkazildi. Unda Buxoro viloyat bo‘yicha 15 ta fan yo‘nalishida jami 25 mingga yaqin umumta’lim, ixtisoslashtirilgan va xususiy maktablarning 9-11-sinf o‘quvchilari hamda kasb-hunar maktablarining 1-2-bosqich talabalari qatnashdi.
Mazkur bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1510 nafar o‘quvchi hamda Buxoro shahridagi Prezident maktabi va viloyatdagi 5 ta Akademik litseydan 272 nafar, shuningdek, o‘tgan o‘quv yilida olimpiadaning viloyat bosqichida 9- 10-sinflar bo‘yicha ishtirok etib, 1-o‘rinni egallagan 28 nafar, jami 1807 nafar o‘quvchi viloyat bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Asosiy olimpiadaning viloyat bosqichi 2024 yil 25 noyabrdan 4 dekabr kuniga qadar belgilangan jadval asosida Kogon tuman ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida o‘tkaziladi.
– Olimpiada jarayonlarini shaffof, adolatli va xolisona o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, – deydi Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Aziza Rustamova. –Olimpiada o‘tkaziladigan auditoriyalar va hakamlar hay’ati, tashkiliy qo‘mita xonalarida videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan. Shuningdek, ota-onalar uchun kutish zallari tashkil etilgan.

O‘quvchilarning ishlarini belgilangan mezonlar asosida baholash uchun viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari, ixtisoslashgan, xususiy maktablar hamda Navoiy viloyatidan jami 100 nafarga yaqin malakali va tajribali hakamlar jalb qilindi.
O‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash hamda olimpiada jarayonlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida viloyat ichki ishlar, sog‘liqni saqlash va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri