Banklarning kapitallashuv darajasi oshiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Dastlab “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama etildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasiga bank ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich besh yuz milliard so‘mgacha oshirish yuzasidan tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Shuningdek, qonunning 17 va 22-moddalaridagi offshor davlatda va (yoki) hududda yashaydigan norezident bo‘lgan jismoniy shaxslar hamda shunday davlatda ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar, aksiyadorlar (ishtirokchilar), oxirgi benefitsiar mulkdorlar bank aksiyalarining bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchilari bo‘lishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi cheklovni qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi tashabbuskorlarining ma’lum qilishicha, hozirda respublikadagi 31 ta tijorat banklaridan 15 tasining ustav kapitali miqdori 500 milliard so‘mdan ortiq, 7 tasi 500 milliard so‘mdan 200 milliard so‘mgacha, 9 tasi 200 milliard so‘mdan kamni tashkil etadi.

— Mazkur hujjatning qabul qilinishi aholining va tadbirkorlik sub’ektlarining banklarga omonat(depozit) joylashtirishni rag‘batlantirish, tijoriy va boshqa kreditlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, bank xizmatlari hajmining oshishiga yordam beradi, — deydi Qonunchilik palatasi deputati Muxtorjon Hojimatov. — Shuningdek, loyiha bilan taklif etilayotgan o‘zgartirishlar banklarning kapitallashuv darajasini yanada oshirish va resurs bazasini ko‘paytirishga, iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish jarayonlarida ularning ishtirokini kengaytirishga, banklarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali bank sektoriga strategik xorijiy investorlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Deputatlar qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z fikrlarini, taklif va tavsiyalarini bildirib, uni qo‘llab-quvvatladilar.
Yig‘ilishda shuningdek, yana bir qator masalalar muhokama qilinib, qarorlar qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA