Bank tizimidagi faol va lider ayollar
Ipoteka-bank Kasaba uyushmasi tashabusi bilan “Bank tizimida rahbar ayollar roli, gender tengligi” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Bankda faoliyat olib borayotgan bir guruh ayollar ishtirokidagi tadbir Zomin tog‘ yon bag‘rida, xushmanzara tabiat qo‘ynida tashkil etildi.

Seminarda bank tizimida xususan, bank boshqaruvida xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlarda tinglovchi bo‘lib emas, balki islohotchi sifatida qatnashish kerakligi alohida ta’kidlandi. Tadbirda millat ma’naviyatining yuksalishida oilaning o‘rni va ta’siri haqida so‘z bordi. Bu borada sharqning buyuk allomalari asarlaridan misollar keltirib o‘tildi. Buyuk millat rivojida oqila ayol, mehribon onaning roli nihoyatda beqiyos. Zero haqiqiy vatanparvarlik, chin fidoiylik hayotning ilk saboqlari oila bag‘rida ona tarbiyasi bilan shakllanadi.
Seminarda bank boshqaruviga ayol rahbarlarni jalb etish orqali bank-moliya tizimida lider ayollar qatlamini shakllantirish chunonchi, kichik va o‘rta biznesda xotin-qizlar rolini oshirish hamda ayollar tadbirkorligining yangi shakllarini izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida ayollar boshqaruvidagi kichik va o‘rta biznes korxonalarini keng qamrab olish va salohiyatini oshirish yuzasidan yangicha yo‘nalishda ish olib borish masalasi muhokama etildi. O‘z biznesini ochishni mo‘ljallagan xotin-qizlarga har tomonlama yordam berish, axborot va maslahat orqali qo‘llab-quvvatlash, kredit mablag‘laridan oqilona foydalanish, moliyaviy savodxonlikni oshirish yuzasidan bankda olib borilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Ochiq davra suhbati ko‘rinishida tashkil etilgan seminar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shoira Yuldasheva,
"Ipoteka-bank" ATIB Kasaba uyushmasi raisi