Bandixonda bitta sholg‘om 7 kilogramm tosh bosdi
Surxondaryo viloyati Bandixon tumanidagi Bag‘rikeng mahallasida yashaydigan Baxtiyor Muhammadiyev tomorqasining bir qismiga o‘tgan yil yaxshi niyatlar bilan sholg‘om urug‘i sepgan edi.
O‘ttiz yildan buyon 50 sotix tomorqasida oila a’zolari bilan dehqonchilik qilib kelayotgan sohibkor hosilni yig‘ib boshlaganida bir donasi bir quchoq keladigan sholg‘omga duch keldi.
-Turmush o‘rtog‘im bilan har yili tomorqada mahsulot yetishtiramiz,-deydi Baxtiyor Muhammadiyev.- Hali bunaqangi hasil olmaganmiz. Bir donasining og‘irligi yetti kilogrammdan oshmoqda. Ta’mi ham mazali.
Tajribali sohibkorning yana qo‘shimcha qilishicha, sholg‘om yetishtirishda hech qanday mineral o‘g‘it yoki maxsus dorilardan foydalanmagan. Sholg‘om urug‘ini bozordan sotib olib, tomorqasiga sepgach, uni mehr bilan parvarish qilgan.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri