Baliqchilik Yozyovonning drayveriga aylanmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tuman bo‘lib, paxta-g‘alla yetishtirishda o‘z maktabini yaratgan usta fermerlar yurti. Shu bilan birga, keyingi yillarda bu yerda baliqchilik ham rivojlanib, Yozyovonning drayveriga aylanyapti.
Tuman hokimi Dilshod Jalilov va sohaga daxldor mas’ullar ishtirokida o‘tkazilgan press-turda respublikada hamda viloyat jurnalist va blogerlari hududda baliqchilikni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Tumandagi 84 ta baliqchilik fermer xo‘jaligida jami 1980 gektar sun’iy baliq havzalari mavjud, - dedi tuman hokimi D. Jalilov. – Fermer xo‘jaliklari tomonidan 2023 yil uchun jami 66 ta loyiha rejalashtirilgan bo‘lib, 57,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalarning asosiy maqsadi baliq ko‘llarini eski turdagi usulidan zamonaviy – intensiv baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yishdir.
Ta’kidlanganidek, tajriba tariqasida har bir xo‘jalikda imkoniyatiga qarab, 1-5 gektar ko‘lda intensiv usulda baliq boqish yo‘lga qo‘yiladi. Gektariga 4 dona aerator va 2 ta ozuqa sepish uskunasi o‘rnatish hisobiga baliq yetishtirish kamida 2 barobarga oshiriladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish hisobiga gektaridan 8-10 tonna baliq yetishtiriladi. Qolaversa, tumandagi ishsiz yurgan 202 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanadi.
[gallery-11022]
– Hozirda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga 680 dona aerator va 340 ta ozuqa sepish uskunasi sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan, - deydi baliqchilik sohasida uzoq yillik tajribaga ega “Ibragimov Doston Fayz” baliqchilik fermer xo‘jaligi rahbari Erkin Ibrohimov. – Hozirgacha 190 ta aerator, 108 ta ozuqa sepish uskunasi, 31 ta quyosh panellari o‘rnatildi. Baliq boqish mavsumi boshlangunicha, ko‘llar to‘liq yashil energiya quyosh panellariga o‘tkazilib, har bir baliqchilik xo‘jaligiga kamida 1 gektardan havzaga aerator va ozuqa sepish uskunasi o‘rnatilib, intensiv baliq boqish usulga o‘tish rejalashtirilgan.
Keyingi manzil hududda turizmni rivojlantirish yo‘lida sayyohlar uchun tashkillangan joy bo‘ldi.
1,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, eko sayyohlar o‘z qo‘llari bilan baliq ovlashi uchun intensiv usulda baliq ko‘li va dam olish maskanlari bunyod etilyapti. Bu yerga kelgan mehmonlar baliq tutib, hordiq chiqarishi mumkin. Bundan tashqari tuyachilik, yilqichilik, parrandachilik bo‘yicha ekoturizm tashkil etiladi.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari Yangiobod MMTPda joylashgan “I.Ikrom ota” chorvachilik fermer xo‘jaligida bo‘lib, xo‘jalik faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA