Bahrinliklar yangi poliklinika xizmatidan xursand
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi oldidan
Kechqurun uyga qaytgan er bugun poliklinikaga borib kelgan oy-kuni yaqin xotinidan vrach nima tavsiya berganini so‘radi.
– Bu gal Bahrindagi tug‘ruqxonaga borsangiz bo‘ladi, deb aytdi do‘xtur, – dedi ayol biroz ishonchsizlik bilan.
– Bahrindagi balnisani ahvoli ma’lumku, o‘tgan safargidek oxirida yana Samarqandga borib yurmaylik, – zarda qildi er.
– Bilmadim, hozir u yerda yangi poliklinika, roddom qurilibdi, yaxshi UZI apparati bor ekan, ertaga o‘sha apparatga tushib keling, dedi opa. Vaqtingiz bo‘lsa, birga borsak, tug‘ruqxonani ham ko‘rib kelardik, – dedi Sevinch.
...Er-xotin yangi poliklinika va tug‘ruqxonaga borib kelgach, oradan hafta-o‘n kun o‘tib ikkinchi farzandlari shu yerda dunyoga keldi.
Unutilgan shifoxona
Urgut tumani Bahrin mahallasidagi 21-oilaviy poliklinika va tug‘ruq bo‘limiga kirganingizda sizda shunday tasavvur uyg‘onardi. Kattagina hovli o‘rtasidagi o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida qurilgan pastqam bino. Devorlar qayta-qayta oqlanaverganidan qavat-qavat bo‘lib ketganini qo‘porilib tushgan joylari yaqqol ko‘rsatib turadi. Ayrim joylar zaxlab ketganidan sarg‘ayib qolgan. Eski binoning derazalari qachondir alyumin romlarga almashtirilgan, lekin ichkaridagi eshiklar bino qurilganida o‘rnatilgan va o‘tgan yillar davomida qayta-qayta ranglanaverganidan “semirib”, yaxshi yopilmaydigan bo‘lib qolgan. Ichkariga kirishingiz bilan zax hid dori-darmon hidi bilan qo‘shilib, dimog‘ingizga yoqimsiz, achchiq bo‘y uriladi. Uzun koridor qorong‘u, pol yog‘och yoki maxsus qoplamalardan emas, oddiy beton plita terilgan. Jihozlar ham binoga mos, almisoqdan qolgan eski, siniq, qiyshayib ketgan. Bemorlar yotgan karavotlar g‘ichir-g‘ichiri sog‘ odamning ham asabini buzadigan darajada.
Xullas, Urgut tumani markazidan 25 kilometr olisdagi, asosan tog‘li hududdagi 16 ta qishloqning 13 mingdan ortiq aholisiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatadigan, 10 dan ortiq mahallaning ayollari keladigan tug‘ruqxonaning ahvoli yaqin vaqtgacha shunday edi. Aniqrog‘i, o‘tgan yil dekabr oyida Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mazkur muassasaga kelib, holatni o‘rgangach, bu manzarani o‘zgartirish zarurligini ta’kidladi. Zarur chora-tadbirlar belgilandi, aholiga zamon talablariga mos tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun yangi bino qurish kerak, degan qarorga kelindi.
Binoni yog‘in-sochinli kunlar o‘tgandan keyin bahorga chiqib quramiz, degan qarashlardan voz kechildi. Poliklinika, tug‘ruq bo‘limi va tez tibbiy yordam xizmati uchun zamonaviy tibbiy muassasa loyihasi ishlab chiqildi, qish paytidayoq qurilish ishlari boshlandi. Yangi bino zamonaviy qurilish materiallari asosida yengil konstruksiyadan barpo etiladigan bo‘ldi.
Qishda uyg‘ongan umid bahorda meva berdi
Bahrinda qishning izg‘irin kunlarida boshlangan va aprel oyida yakunlangan yangi tibbiy muassasa qurilish ishlari ana shunday tashbehga mos keladi. To‘rt oy ichida muassasa hududida nainki aholiga sifatli birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun, balki tibbiyot xodimlarining ham munosib sharoitda ishlashi uchun barcha qulaylik va imkoniyatlarga ega, har tomonlama ko‘rkam bino qurildi. Bino bilan birga mahalla ham obod bo‘ldi. Ko‘chalarga asfalt yotqizildi, piyodalar yo‘laklari tashkil etildi, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, gulu gulzorlar paydo bo‘ldi. Bahrin shaharcha qiyofasiga kirdi.
– Qisqa vaqtda bu yerda olib borilgan ishlar, o‘zgarishlarni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi, – deydi Urgut tumani Bahrin mahallasidagi 21-oilaviy poliklinika mudiri Sardor Luqmonov. – Hudud aholisi hammasini ko‘rib turibdi, kechagi kun qanday bo‘lgani va bugungi manzara o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini yaxshi biladi. Avvallari odamlarni chaqirib ham poliklinikaga keltirolmasdik, hozir o‘zlari kelib, oilaviy vrachlaridan maslahat olyapti, ko‘riklardan o‘tmoqda. Eski binodan yangisiga hech narsa, hech bir jihoz olib o‘tilmadi, faqat tibbiyot xodimlari o‘tdi. Mebel deysizmi, tibbiy asbob-uskunalar – hammasi yangilandi. Eski poliklinikadan faqat xotiralar qoldi. Lekin hozircha eski bino ham saqlab turilibdi, borib ko‘rishingiz mumkin. Ana shunda avval qanday sharoitda ishlaganimiz va hozir qanday imkoniyatlarga ega bo‘lganimizni ko‘rishingiz mumkin. Biz buni suratlarga olib qo‘ydik. Chunki kechagi kunni unutmasligimiz, bugungi kunlarning qadriga yetib ishlashimiz kerak.
Poliklinika 13 ming aholiga xizmat ko‘rsatishi belgilangan bo‘lsa-da bu yerda to‘rtta oilaviy tibbiy brigadadan tashqari tor soha mutaxassislari – UTT shifokori, pediatr, akusher-ginekolog, rentgenolog faoliyat ko‘rsatishi tufayli yaqin atrofdagi 5 ta birinchi tip oilaviy poliklinikaning 15 mingdan ortiq aholisi ham zarurat tug‘ilganda shu yerga kelib, ko‘rikdan o‘tadi.
– 100 qatnovga mo‘ljallangan poliklinikamizda 30 ta xona bor va 40 dan ortiq xodimlarimiz faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoit yaratilgan, – deya so‘zida davom etadi S.Luqmonov. – 10 o‘rinli kunduzgi statsionar, fizioterapiya xonalari, 30 dan ortiq tahlilni amalga oshirish imkoniyatiga ega markazlashgan laboratoriyamiz bor. Yangi dopler ultratovush tekshiruvi apparati, rentgen berildi, laboratoriya so‘nggi rusumdagi tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Poliklinika faoliyati to‘liq raqamlashtirilib, DMED tizimiga ulangan. Hech qanday tibbiy karta, qog‘ozda retsept yozib berish, degan gaplar yo‘q. Navbat ham, aholi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotlar va tashxis, yo‘llanma va retsept ham shu platforma orqali amalga oshiriladi. To‘rtta tibbiy brigadamiz uchun 8 ta xona ajratilgan. Muassasaga kelgan shaxs elektron navbat asosida avval amaliyotchi hamshiraga uchrashadi. Hamshira uni qabul qilib, murojaatini eshitadi, dastlabki tekshiruv va tahlillarni bajaradi, so‘ngra zarurat bo‘lsa, yonidagi xonaga – oilaviy shifokorga yo‘naltiradi. Vrach bemorni tekshiruvdan o‘tkazib, tavsiyalar beradi. Agar tor soha mutaxassislari ko‘rigi zarur bo‘lsa, ularga yuboradi. Bu jarayonlar hammasi raqamli ko‘rinishda amalga oshiriladi. Shuning uchun poliklinikada uzoq navbat, bemorlarning kutib qolishi kuzatilmaydi. Ishimiz ertalab soat 8.00 dan kech 16.00 ga qadar shu tarzda davom etadi. Soat 16.00 dan 20.00 gacha va dam olish kunlarida poliklinikada navbatchilar bo‘ladi.
Odatda tibbiyot muassasalarida ertalab uzundan uzoq navbatlar kuzatiladi va kunning ikkinchi yarmida murojaat qiluvchilar juda kam bo‘ladi. Yangi poliklinikada esa tushlikdan keyin ham tekshiruvlardan o‘tish yoki muolaja olish uchun kelganlar ko‘pligini kuzatdik.
– Ochig‘i, ilgari tuzalishdan ko‘ra, kasal bo‘lib qoladigandek poliklinikaga kelishni istamasdik, – deydi Bahrin mahallasida yashovchi Shahlo Mamatqulova. – Bu yerning sharoiti, judayam eski apparatlari shunday tasavvur qoldirganmidi, ishonchimiz yo‘q edi. Endi esa ko‘rkam bino, juda qulay sharoit tufayli zarurat bo‘lganda kunduzimi, kechasimi shu yerga kelyapmiz. O‘zim ham shifokor tavsiyasi bilan ikki kundan buyon fizioterapiya muolajasi olyapman. Bunday shifoxonalar va imkoniyatni shu paytgacha faqat televizorda ko‘rardik, shaharlarda bo‘ladi, deb havas qilardik. Mana endi qishlog‘imizda shahardagidek qulaylik bor.
Endi qishloq ayollari uzoqqa bormaydi
Urgut tumani markazidan 25-30 kilometr, Samarqand shahridan 40-45 kilometr olisdagi mahallalar, tog‘li qishloqlarda yashovchi ayollar shu paytgacha zarur sharoit bo‘lmasa-da shu yerdagi tug‘ruq bo‘limiga kelishga majbur edi. Ayrim ayollar esa tug‘ruq yaqinlashganda Urgut yoki Samarqand shahridagi shifoxonalarga borib yotib olar, o‘sha atrofdagi qarindoshlari uyida yashab turadiganlar ham bo‘lardi.
Endi esa vaziyat o‘zgardi. Bittagina tug‘ruq zali va stoli bo‘lgan avvalgi muassasa tarixda qoldi, ona va bolaning salomatligi uchun barcha qulayliklarga ega, 25 o‘rinli tug‘ruq bo‘limi yangi binoda faoliyat boshladi.
[gallery-29352]
– 42 yildan buyon shu yerda ishlayman, lekin buni aytishdan istihola qilardim, – deydi Urgut tumani markaziy shifoxonasi perinatal markazining Bahrindagi tug‘ruq bo‘limi rahbari Obidjon Xujmatov. – Chunki bo‘lim sharoiti juda abgor bo‘lsa ham tog‘li qishloqlarda yashovchi homilador ayollarning tuman markaziga borishi qiyinligi uchun ishlashga majbur edik. Prezident Administratsiyasi rahbari shifoxonamizga kelib sharoitni o‘rgangan chog‘ida olingan suratda aks etgan eski, yirtilib ketgan tug‘ruq stolidan boshqa aytarli tibbiy jihozning o‘zi yo‘q edi. Operatsiya zali, chaqaloqlar intensiv xonasi haqidaku gapirmasak ham bo‘ladi. Shuning uchun hududdagi poliklinikalar oilaviy vrachlariga homiladorligi og‘ir kechayotgan, xavf guruhidagi ayollarga tuman perinatal markazi yoki Samarqand shahridagi tug‘ruqxonalarga yo‘llanma berishlarini so‘rardik. Zarur sharoit yo‘qligi sababli og‘ir vaziyatdagi homiladorlarni qabul qilishdan cho‘chirdik-da. Yangi binoda esa bunday hadik, xavotirlanishga o‘rin qolmadi. Kerakli tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta’minlangan ikkita tug‘ruq zali, operatsion blok, jonlantirish bo‘limi, chaqaloqlar intensiv xonasi tashkil etildi. Endi muddatidan avval tug‘ilgan chaqaloqlarning ham hayotini saqlab qolish uchun zarur apparatlarimiz bor. Onalar va bolalar uchun krovatlargacha yangilandi.
Bo‘limda ayni paytda ikki nafar ginekolog, bir nafar neantolog, o‘ttizdan ortiq hamshira va doyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Aprel oyida bu yerda 60 ta tug‘ruq qayd etildi. Bu avvalgi oylarga nisbatan birmuncha ko‘p, demak odamlarning ushbu shifoxonaga munosabati o‘zgardi, ishonchi oshdi.
Ha, darvoqe, maqola avvalida yozganimiz qaynarbuloqlik Sevinch Jumanazarova ham ikkinchi farzandini yangi tug‘ruq bo‘limida qo‘liga oldi.
– Birinchi farzandimni dunyoga keltirish uchun qanchalik qiynalib Samarqand shahridagi 4-tug‘ruqxonaga borganimni yaxshi eslayman, – deydi Sevinch Jumanazarova. – O‘shanda eski shifoxonaga kelganimizda vrachlar holatimni ko‘rib, “biz qabul qila olmaymiz, tezda shaharga olib boringlar” deganidan so‘ng Samarqandga borishga majbur bo‘lgandik. Qishlog‘imiz yaqinida shunday chiroyli tug‘ruqxona qurilganidan xursandmiz, endi hududdagi ayollar sarson bo‘lib, uzoqqa borib yurmaydi. Yangi shifoxona quruvchilari va bu ishning boshida turgan rahbarlarimizga ming rahmat!
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari