"Bahorni quvib” filmi “Antares” kinofestivalining asosiy tanlovida qatnashadi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan kinorejissyor Ayub Shahobiddinov tomonidan suratga olingan “Bahorni quvib” badiiy filmi joriy yil 6–10 avgust kunlari Rossiyaning Moskva shahrida o‘tkaziladigan II Xalqaro “Antares” kinofestivalining asosiy tanlov dasturiga kiritildi.
Film Rossiyada ilk bor namoyish etiladi va rasmiy premera maqomini oladi.
“Antares” — inson obrazi, kasblar va ijtimoiy mavzularni badiiy ifodalashga qaratilgan xalqaro kinofestival sifatida tobora e’tirof topmoqda.

2025 yilgi tanlov dasturida 29 mamlakatdan 104 ta film qamrab olingani mazkur festivalning xalqaro nufuzi va keng qamrovliligini ko‘rsatmoqda.
Aytish kerakki, “Bahorni quvib” filmi joriy yil iyul oyida Xitoyda o‘tgan SHHT davlatlari kinofestivalining tanlov dasturida ishtirok etib, unda aktrisa Ra’no Shodiyeva “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.
Ushbu yutuqlar nafaqat mazkur filmning ijodiy jamoasi, balki o‘zbek kinosi uchun xalqaro maydondagi muhim voqea sifatida baholanmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA