Bahor keldi sizni soʻroqlab...
Aslida Yaratgan egam bandasiga hadya qilgan fasllarning ham, oy, kunlarning ham yomoni boʻlmaydi. Lekin baribir bahor fasli oʻzgacha. Koʻngil bahorga talpinaveradi.
1-mart – Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludi kuni
Aslida Yaratgan egam bandasiga hadya qilgan fasllarning ham, oy, kunlarning ham yomoni boʻlmaydi. Lekin baribir bahor fasli oʻzgacha. Koʻngil bahorga talpinaveradi.
Ariq lablarida sargʻimtir, yashil maysalar aro titranibgina bosh koʻtarib kelayotgan gunafshani, hatto u bir dona boʻlsayam, sezamiz. Bor boʻyimiz bilan egilib omonlik tilaymiz. Uni goh marvarid, goh durga qiyoslayveramiz. Biz, ijodkor ayollar uchun bahorga koʻrkamlik baxsh etuvchi yana bir hodisa bor – bu faslning ilk kunini ustozimiz Zulfiyaxonimning tugʻilgan kuni sifatida xotirlaymiz.
– Esingizdami Zulfiya opamning yetmish yillik yubileyida...
– Ustoz saksonga kirganida mana bunday voqea roʻy bergan edi...
Xotiralar xotiralarni boshlab kelaveradi. Eslayveramiz, eslayveramiz... Esdaliklar aro Zulfiyaxonimning nurli, pokiza chehrasi qalqib chiqaveradi. Qalbimizga yana oʻsha “Mana bunday desak, opa nima der ekan? Mana bu ishimizga ustoz qanday baho berar ekan?” tarzidagi savollar qaytib kelganday boʻladi. Ha, rostdan bizda shunday tuygʻu boʻlgan. Biz bu tuygʻudan siqilmasdik, oʻzimizni qirgʻoqlar orasida oqayotgan suvlarga qiyoslamasdik. Chunki biz ularning mehr qoʻrgʻonida himoyalangan edik, bu qoʻrgʻonda oʻzimizni erkin, ishonchli his etardik. Duch kelishimiz mumkin boʻlgan hayot murakkabliklaridan uncha choʻchiyvermasdik. Chunki ustoz oʻzlarini biz uchun javobgar, masʼul his qilar edi. Ularga bu vazifa birov tomonidan yuklatilmagan. Hech kim Zulfiyaxonimdan biz boramizda hisob soʻramagan. “Nechta qizingizning qanday kitoblari chop etildi? Qaysi biri kimga turmushga chiqdi? Davralarda oʻzini tutishi, yurish-turishi qanday?” degan soʻroqlar boʻlmagan. Zulfiyaxonimning ona yuragi oʻz amri bilan qilgan bu ishlarni, oʻz ixtiyori bilan bizning tashvishimizni gardanlariga olgan.
“...Zulfiya opamlar patnisga uyib qoʻyilgan gul yaproqchalaridan bir siqim olib boshim uzra sochdilar... Biz uchun ajratilgan joyga borib oʻtirgunimizga qadar gul yomgʻiri tingani yoʻq... Toʻydan keyin qizlar aytishdi: Zulfiya opamlar kuyov navkarlar tashrifi oldidan dugonalarimni yigʻib, ikki chiroyli patnisga qizil, oq, pushti gullar yaproqlarini saralab tayyorlab qoʻyishni iltimos qilibdi. ”Bu kun yoshlarning hech qachon esidan chiqmaydigan kun boʻlsin“ degan ekan”. Bu Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Rahima Shomansurova xotiralaridan.
"...Mashaqqatli kunlarimda doim Zulfiya opaning mehrli qoʻllarini his qilganman. 1969-yilning yozida ogʻir kasal boʻldim. Oʻzimga kelgach, shifokor Lyudmila Shimanskaya soʻrab qoldi.
– Zulfiyaning qarindoshimisiz?
– Yoʻq , shogirdi boʻlaman.
– Ustozning bunday jonkuyarligini kam koʻrganman. Ustozingizning mehri haqi omon qoldingiz...". Bu Oʻzbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyevaning xotiralaridan.
“Zulfiya opa juda masʼuliyat bilan ishlardi. Hattoki betob boʻlib qolsalar ham ”Saodat"da bosish uchun tayyorlangan hamma materiallarni oʻzlari koʻrardilar. Koʻrganda ham, nafaqat maʼnosi, maqsadi, stilistikasiga eʼtibor berardilar, balkim har bir soʻzning nechogʻli oʻrniga tushgan-tushmaganligini bir eshitganda ilgʻardilar”. Bu Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulugʻova xotiralaridan.
Xotiralar, xotiralar... Kimdir “Saodat” jurnali tahririyatida ishlagan Shura ismli ayolning tuflisi urinib qolganini koʻrib, unga tugʻilgan kuni munosabati bilan tufli sovgʻa qilganligini eslasa, yana birov qaynonasi Komila buvi oʻgʻli vafotidan soʻng Jizzaxga ketmoqchi boʻlganida “Biz qayerda yashasak, siz ham oʻsha yerda yashaysiz” deya olib qolganini, faqat onasiga gʻamxoʻrlik koʻrsatib qolmay, uka-singillariga ham kelinoyilik emas, opalik qilganini eslaganda ham ustozning suvrati va siyrati tasavvurimizda bir butun, yaxlit holda namoyon boʻladi. Demoqchimizki, bu esdaliklarda opaning olijanobligi, qalbi butunicha koʻrinadi, qoʻyadi.
Faqatgina “Opa“ degan atamaning oʻzinigina olib qaraylik. Oʻtgan asrning 60-90-yillarida bizning yurtimizda “Opa“ deb gapirilsa, faqat Zulfiya opa tushunilgan, bir millat uchun “Opa”lik maqomiga koʻtarilish uchun ustoz qancha mehr-muhabbat, qancha bedorligu beoromliklar sarfladi ekan?! Ehtimol, oʻzlari hech qachon bu haqda gapirmagandirlar. Chunki ustoz “man-man” deya koʻksiga urishni yoqtirmasdi.
Hayotim kemasi suzadi hamon,
Eshkakni otsam ham siljir ilgari.
Ortda qolgan yillar oltinday xirmon,
Butun mehrim bersam, yetmas olgani.
Neki qoʻlim tutib, koʻzim koʻrgani –
Barin yutdi hayot toʻlqini tarix.
Shundan bahorimga kuzning kirgani,
Shundan lola ruxsor boʻlgani sarigʻ...
Boshqa bir sheʼriga eʼtibor qilaylik:
Mendan boshlanadi uyda uygʻonish,
Zero , uyqu nima bilmagan jonman.
Menga juda mushkul yashashdan qonish,
Safardan bir nafas tinmas karvonman.
Yana boshqa sheʼrni oʻqiymiz:
Tinmay ogʻriydi boshim,
Koʻz ochishga mador yoʻq.
Botdi umr quyoshim,
Dardning buluti quyuq,
Chogʻi...
Unmaydi ishim.
Oʻkinchdan ogʻrir yurak.
Bu yashash , bu bir turmush,
Unga tob bermoq kerak.
Shoiraning rangini sariq qilgan, boshiga ogʻriq boʻlib kirgan dardlar, doim tinmas karvon boʻlishga masʼul qilgan sabablar orasida biz ham borligimiz aniq. Shoir boʻlib, ayol boʻlib ularga doim quvonch bagʻishlamaganmiz-ku, axir... Lekin ular bizni bor-borimizcha qabul qilgan, bor-borimizcha ustoz maqomida turib yaxshiliklar qilavergan.
Zulfiyaxonimday har bahorda soʻroqlanishining asosiy sabablaridan biri ularning hayotlari davomida ayol, shoira, ona sifatida millatimiz uchun qadrli boʻlgan qadriyatlarga hech qachon oyoq bosmaganlari boʻlsa, yana bir sababi ustoz maqomidagi bagʻrikengligi, fidoyiligidir.
...Yana bahor kelyapti. Ustozning soʻzlari, oʻzlari yodlanyapti. Minnatdorliklar, tashakkurlar, havaslar va tazarrular bilan. Toki xalq bor ekan, pokiza ayollik, jonfido ustozlik qadrlanar ekan, Zulfiyaxonim shunday sogʻinch bilan eslanaveradi.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan
madaniyat xodimi.