«Bahor» davlat raqs ansambli raqqosasi xalqaro tanlovda I darajali diplomni qo‘lga kiritdi
Bilamizki, milliy madaniyat, raqs hamda xoreografiya san’atini rivojlantirish, san’at orqali millatlararo madaniy aloqalarni mustahkamlash dunyo xalqlarini o‘zaro yaqinlashtiradi. Bu borada turli xalqaro ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilib kelinadi.
Mana shunday tanlovlardan biri Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tdi va unda Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi «Bahor» davlat raqs ansambli raqqosasi Ayimxan Ibraimova ishtirok etdi.
«Tog‘ qizi», «Zavqim kelur» raqslari bilan chiqish qilgan Ayimxan Ibraimova faxrli I darajali diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi, deyiladi «Bahor» davlat raqs ansambli ma’lumotida.
Tashkilotchilar tomonidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Qoraqalpog‘iston xalq artisti va «Bahor» davlat raqs ansambli badiiy rahbari Ziyoda Madrahimova hamda ansambl o‘qituvchisi Gulnora Nizomovaga «Tashakkurnoma» berildi.
Marhabo Madaminova, O‘zA