Bag‘rikenglik xalqimizga xos
Qashqadaryoda 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” shiori ostida aksiya bo‘lib o‘tdi.
Aksiya “Yuksalish” axborot-maslahat resurs markazi tomonidan “O‘zbekistonda zo‘ravon ekstremizm va radikallashuvning oldini olishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Tadbir Qashqadaryo viloyati hokimligi, adliya va madaniyat boshqarmalari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi viloyat bo‘linmalari, shuningdek, hududda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Ma’lumki, 1995 yil 16 noyabrda YUNESKOga a’zo mamlakatlar Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasini qabul qilgan edi. Bir yildan so‘ng – 1996 yil dekabrda esa BMT Bosh assambleyasi ushbu sanani har yili Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida nishonlashni taklif qildi.
Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasida ta’kidlanganidek, bag‘rikenglik dunyo madaniyatlarining xilma-xilligi, o‘zligimizni namoyon qilish shakllari va insonning individualligini ifoda etish usullarini hurmat qilish, to‘g‘ri tushunishni anglatadi. Bunga esa bilim, ochiqlik, muloqot va fikr, vijdon, e’tiqod erkinliklari yo‘l ochadi.
[gallery-4691]
Aksiya doirasidagi konferensiyada bag‘rikenglik Yangi O‘zbekiston barpo etishning muhim omili ekanligi qayd etildi. Jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni yanada kengroq targ‘ib qilish, aholi zaif qatlamlari radikallashuvi va ekstremizmning oldini olish, bu borada NNTlar ishtirokini faollashtirish, yoshlarni vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoyalashni samarali mexanizmini shakllantirish haqida so‘z yuritildi.
Aksiya doirasida yurtimizda Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasining (DVV) O‘zbekistondagi Filiali ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda zo‘ravon ekstremizm va radikallashuvning oldini olishga ko‘maklashish” loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
Viloyatda ishsiz fuqarolarga kasb-hunar va tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish uchun bepul o‘quv kurslari ochilgani, bu kurslarning bitiruvchilari ishga joylashib, biznesni yo‘lga qo‘yib, doimiy daromad manbalariga ega bo‘layotgani, joylarda aholi zaif guruhlari vakillari uchun huquqiy, psixologik va ijtimoiy maslahatlar berilayotgani, mahalla faollari, yosh volontyorlar va jurnalistlar uchun mavzuga oid seminar-treninglar tashkil etilayotgani aytildi.
Aksiya doirasida iqtidorli yoshlar tomonidan yaratilgan hunarmandchilik mahsulotlari va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi hamda folklor jamoalar chiqishlari ham o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zaro hurmat va birdamlik ramzi sifatida Do‘stlik uyi hovlisida “Do‘stlik daraxtlari”ni ekdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA