Bag‘rikenglik samarali hamkorlikning muhim omili
16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni
Buxoroda Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida Mir Arab oliy madrasasida “Millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik samarali hamkorlikning muhim omili” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi imom xatiblar, otinoyilar, viloyatdagi milliy madaniy markazlar vakillari, madrasa toliblari ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Erkin Majidov so‘zga chiqib, “Bag‘rikenglik haftaligi”ning o‘tkazilishi – jamiyatda bag‘rikenglik g‘oyalarining, turli millat va elat hamda diniy konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Ma’lumki, tarixi bir necha ming yilliklarga tutash ko‘hna va boqiy Buxoro ham qadim sharq sivilizatsiyasi beshiklaridan biri sifatida asrlar davomida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik maskani bo‘lib kelgan. Tarixchilarning guvohlik berishicha, Buxoroda mahalliy aholi bilan birgalikda yahudiy, fors-tojik, qozoq, turkman, arab, yunon va boshqa millat vakillari ham tinch-totuv umrguzaronlik qilishgan.
[gallery-14608]
Ajdodlarning bag‘rikenglik an’analarini munosib davom ettirgan holda bugungi kunda ham viloyatda 40 dan ortiq millat vakillari hudud ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy taraqqiyoti yo‘lida munosib xizmat qilishmoqda. Bugungi kunda viloyatda 11 ta milliy-madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Mazkur markaz a’zolarining vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida qilgan mehnatlari munosib baholanib, Natalya Chapanashvili, Irina Kotova, Alixan Umarov, Bayramgul Maratova, Olim Rahmatov, Juma Shukurov, Svetlana Ahmedova, Nishon Otamurodov singari viloyatdoshlarimiz turli yillarda nufuzli davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Ma’lumot uchun: "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida umumta’lim maktablarida “Milliy an’ana va udumlar” ko‘rgazmalari, “Bag‘rikenglik mening nazdimda” mavzusida eng yaxshi insholar tanlovlari, “Mening bag‘rikeng dunyoim” mavzusida eng yaxshi rasmlar tanlovlari, bag‘rikenglikni targ‘ib qiluvchi she’rxonlik kechalari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi sharti” mavzularida ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar, “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – umrboqiy qadriyatlar” mavzusida davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda.
Buxoro shahridagi NNT va do‘stlik uyida “O‘zbekiston –bag‘rikeng diyor” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir ham bo‘lib o‘tdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari