Bag‘dodda yangi sanoat korxonasi ishga tushdi
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi “Ferghana Spinning” paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan barpo etilgan zamonaviy mato ishlab chiqarish korxonasi foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil fevral oyida Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda paxta hosildorligini oshirish, ip-kalavani chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulotlarni ko‘paytirish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalari ijrosi sifatida ishga tushirilgan ushbu korxonaning loyiha qiymati 128,4 milliard so‘mni tashkil etadi.



Yillik 4,8 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, ishlab chiqariladigan sifatli trikotaj matolar ichki bozor bilan birga qo‘shni hamda Yevropa davlatlariga eksportga yo‘naltiriladi. Yangi korxonada 150 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Hozir “Ferghana Spinning” tomonidan matodan tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ham amalga oshirilayotgan bo‘lib, kelgusi yilda ishga tushirilishi belgilangan.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri