BAA taʼlim sohasi vakillari tajriba almashmoqda
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Birlashgan Arab Amirliklarining taʼlim sohasidagi bir guruh mutaxassislari tomonidan yurtimiz oliy taʼlim muassasalari vakillari uchun seminar tashkil etildi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Birlashgan Arab Amirliklarining taʼlim sohasidagi bir guruh mutaxassislari tomonidan yurtimiz oliy taʼlim muassasalari vakillari uchun seminar tashkil etildi.
Mamlakatimiz Prezidentining Birlashgan Arab Amirliklariga 2019-yil mart oyida amalga oshirgan oliy darajadagi tashrifi doirasida BAA hukumati bilan bir qator sohalar qatori taʼlim, zamonaviy va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklarga ega boʻlgan kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish borasida ham oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlarga erishilgan edi. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining 2019-yil 24-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining moliyaviy va texnik yordamini jalb etish boʻyicha tashkiliy chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi bilan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu oʻzaro muloqot ham “Yoʻl xaritasi”da qayd etilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida uyushtirildi.
Xorijlik mehmonlar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti misolida yurtimiz oliy taʼlim maskanlarida yaratilayotgan sharoitlar, zamonaviy taʼlim shakllarining oʻzbek milliy pedagogikasi bilan uygʻunligi haqida umumiy tasavvurga ega boʻldi.
Seminarni Oʻzbekiston oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov ochdi.
– Ayni vaqtda yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish eng muhim vazifalarimiz qatorida turibdi, – dedi U.Begimqulov. – Prezidentimizning shu yil 8-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” farmonida ayni dolzarb masalaga katta eʼtibor qaratilgan. Ushbu hujjat asosida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda bir qator aniq maqsadlar belgilandi. Jumladan, oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, yurtimizdagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi ming oʻrindagi, Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish koʻzda tutilmoqda. Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirish niyatidamiz. Bularga erishishda xalqaro tajriba va ilgʻor yutuqlarni oʻrganish biz uchun nihoyatda muhim. Mazkur uchrashuv ayni shu jihatdan alohida ahamiyatli.
Seminarda maxsus trening mashgʻulotlari olib borish uchun BAA Taʼlim vazirligi mutasaddilari, Rabdana akademiyasi, Abu-Dabi va Zaida universitetlarining yetakchi professorlari tashrif buyurgan.
– Eng avvalo, bizni iliq kutib olganingiz uchun mamlakatingiz hukumatiga minnatdorlik bildiraman, – dedi Birlashgan Arab Amirliklari Taʼlim vazirligining akkreditatsiya va taʼlim xizmatlari boʻyicha vazir oʻrinbosari Xassan Alxeyri. – Biz Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida strategik sheriklik, oʻzaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun tashrif buyurdik. Maqsadimiz – taʼlim sohasida amaliyot oʻtkazish va tajriba almashish. Bundan buyon ana shunday uchrashuv va seminarlar tashkil qilish orqali birgalikda taʼlim sohasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishamiz, deb ishonaman.

Seminar mashgʻulotlari uchta guruhga boʻlingan holda oʻtmoqda. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari Taʼlim vazirligining maslahatchisi Maryam Xan oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish yoʻnalishida mashgʻulot olib boruvchilardan biri sifatida ishtirok etyapti. Uning soʻzlariga koʻra, yurtimiz oliy taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilar bilan uchrashuv har ikki tomon uchun ham tajriba almashuv maktabi vazifasini oʻtayapti.
– Birlashgan Arab Amirliklarida talaba oliy taʼlimga kelgandan boshlab asosiy fanlar faqat ingliz tilida olib borilar ekan, – dedi Urganch davlat universitetining ichki nazorat va monitoring boʻlimi boshligʻi Xosiyat Shihova. – Bu juda yaxshi tajriba. Chunki 4 yil mobaynida ingliz tilida oʻqigan talaba jahon ish bozori talabiga javob bera oladigan mutaxassis boʻlib yetishib chiqadi. Oʻzbekistonda ham ana shu jihatni amalga kiritadigan vaqt keldi, deb hisoblayman. Ana shunda yurtimizda ilmni chuqur oʻrgangan yangi avlod shakllanadi.
Mashgʻulotlarning yana bir yoʻnalishi oliy taʼlim muassasalarini akkreditatsiyalashga bagʻishlandi. Unda BAAning bu boradagi tajribasi xususida atroflicha maʼlumot beriladi.
– Oliy taʼlim muassasasini akkreditatsiyadan oʻtkazish undagi taʼlim sifatini kafolatlash uchun nihoyatda muhim, – dedi Birlashgan Arab Amirliklari Taʼlim vazirligining akademik akkreditatsiya boʻyicha komissiyasi vakili Ris Roulend Jons. – BAAda bu masalada universitet milliy va xalqaro darajada muayyan talablarga javob berishi lozim. Bizda 3 federal darajada universitet va 84 litsenziyaga ega oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritadi. Litsenziya berish talablari barcha OTM uchun bir xil. Faqat uni olish masalasida ayrim oʻziga xosliklar mavjud. Masalan, Dubay amirligi erkin zona boʻlgani sababli litsenziya olish jarayoni osonroq kechadi. Lekin ular taqdim etadigan ilmiy darajalar faqat amirlik miqyosida tan olinadi.
Oliy taʼlimda innovatsion va tadbirkorlikka yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlarini joriy etish. Bu masala seminarning navbatdagi muhim yoʻnalishi boʻldi.

– Bizda innovatsion va tadbirkorlikka yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlari nafaqat oliy taʼlim muassasalari, balki umumtaʼlim maktablariga ham majburiy fan sifatida oʻquv rejasiga kiritilgan, – dedi Abu-Dabi universitetining katta oʻqituvchisi Rubina Kureshi. – Buning ahamiyati shundaki, yoshlarda yaratuvchanlik, tadbirkorlik, yangicha fikrlash koʻnikmalarini rivojlantira olish ularning yangi qirralari kashf etilishiga katta turtki beradi. Biz aynan shunday natijaga erishayapmiz ham. Misol uchun, oliy taʼlim bitiruvchilari oʻz biznes faoliyatini yoʻlga qoʻymoqda. Aslida ushbu oʻquv dasturlarining maqsadi faqat biznes emas. Asosiysi, fikran uygʻonish, yaʼni odatdagi fikrlashdan voz kechib, maqsadlarga tez va oson erishish.
Yurtimiz oliy taʼlim tizimi xodimlari seminarning uchta muhim yoʻnalishida shu kabi yangiliklar, ilgʻor tajribalar bilan tanishadi.
