BAA ishbilarmonlarining O‘zbekistonga qiziqishi ortmoqda
Joriy yil 11-12-fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Birlashgan Arab Amirliklarida amaliy tashrif bilan bo‘lib, 2025 yilgi Jahon hukumatlar sammitida ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, 2013 yil BAA vitse-prezidenti va Bosh vaziri, Dubay hukmdori Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur anjumanning vazifasi global muammolarni hal qilish va hukumatlarning keyingi avlodi uchun kun tartibini belgilash maqsadida innovatsiya va texnologiyalarga e’tibor qaratib, boshqaruv kelajagini shakllantirishdan iborat.
Forumda so‘zga chiqqan L.Qudratov mamlakatimizga Markaziy Osiyoda investitsiyaviy xab mavqeini ishonchli egallash, iqtisodiyotni ochish va global muammolarga qaramay, barqaror o‘sishni ta’minlash imkonini bergan O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichiga xos qator amaliy jihatlarni sanab o‘tdi.
Xususan, savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya, JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlar, iqtisodiyotning yuqori texnologiyali tarmoqlarini jadal rivojlantirish masalasiga to‘xtaldi. Jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalari, yashil vodorod ishlab chiqarish, IT texnologiyalarini rivojlantirish, infratuzilma va erkin iqtisodiy zonalarga investitsiya kiritish, raqamli transformatsiya va innovatsiyani qo‘llab-quvvatlash kabi chora-tadbirlar qayd etildi.
Vazir sessiya ishtirokchilari e’tiborini yurtimizda investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilganiga qaratdi. Xorijiy investitsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlari liberallashtirilgani, davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturi qabul qilingani, raqamli boshqaruv va elektron davlat xizmatlari joriy etilgani hamda ta’lim tizimi takomillashtirilayotgani haqida so‘z yuritdi.
Sammit doirasida delegatsiyamiz rahbari hukumat ishlari, iqtisodiyot, energetika va infratuzilma vazirlari Muhammad bin Abdulloh Al-Gergaviy, Abdulla bin Touq Al-Marriy, Suhayl Al-Mazruiy, shuningdek yirik mintaqaviy va xalqaro kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Suhbatdoshlar bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyani joriy etish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ishlab chiqarish aloqalarini mustahkamlashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Umuman, Birlashgan Arab Amirliklari ishbilarmonlari tomonidan O‘zbekiston bozoriga kirish, mamlakatimizda faoliyatni kengaytirishga nisbatan ijobiy munosabat shakllangani, hamkorlikni kengaytirishga ishonch mustahkamlanayotgani yana bir bor isbotini topdi.
O‘zA